Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxmatchilar bilan uchrashuvida jahon chempioni Rustam Qosimjonov Samarqandda o‘tgan Olimpiadani tarixiy voqea deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, musobaqa ilk bor O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda o‘tkazildi, unda 200 ta davlatdan shaxmatchilar ishtirok etdi.
“Biz Olimpiadada o‘ynayotganimizda har bir daqiqa, har kuni e’tiboringizni sezib turdik. Menimcha, qiyin daqiqalarda mana shu e’tiboringiz, niyatlaringiz yigitlarimizga kuch-quvvat berdi”, — dedi Qosimjonov.
Grossmeyster so‘nggi yillarda yosh shaxmatchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida O‘zbekiston jahon shaxmatining muhim markazlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladi.
“Biz shaxmatning markazi O‘zbekiston bo‘lganini ko‘ryapmiz. Shaxmat O‘zbekistonga qaytib keldi. Shaxmat O‘zbekistonda paydo bo‘lgan, shaxmat O‘zbekistonga qaytib keldi. Eng kuchli shaxmatchilar bizda, eng yaxshi federasiya bizda. Shaxmat markazi bugun Toshkent, Samarqand. Buni xorijdagi hamkasblarimiz ham tan olyapti”, — dedi u.
Qosimjonov uchrashuv yakunida yana bir ramziy voqeaga e’tibor qaratdi. Olimpiada g‘olibiga topshiriladigan 100 yillik tarixga ega Gamilton–Rassel kubogida endi “O‘zbekiston” nomi ikki marta yozilgan.
Rustam Qosimjonov ushbu tarixiy kubokni Prezident Shavkat Mirziyoyevga topshirdi.