Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15-17 may kunlari ilk rasmiy tashrif bilan AQShga bordi. Ushbu tashrifda unga turmush o‘rtog‘i Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qilgandi.
Prezidentning AQShga amalga oshirgan tashrifida to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham hamrohlik qilgan. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videorolikda ham o‘z tasdig‘ini topgan, deb yozmoqda “Qalampir.uz” nashri.
Videoda Saidaning ota-onasiga hamrohlik qilayotgani, ba’zi kadrlarda esa suhbatlashayotgani aks etgan.
U otasi Shavkat Mirziyoyev va onasi Ziroat Mirziyoyeva bilan Vashingtondagi Artur Sakler galareyasida o‘zbek atlasi va adrasi ko‘rgazmasida qatnashgan. Qolaversa, Mirziyoyevning AQShga tashrifi munosabati bilan “Villard interkontinental” mehmonxonasida o‘tkazilgan tantanali marosimda ishtirok etgan.
Saida Mirziyoyeva bundan avval Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston va Turkiya birinchi xonimlari Ziroat Mirziyoyeva va Emina Erdo‘g‘an uchrashuvlarida qatnashgan edi.