O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida davom etdi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi Turkmaniston Prezidentining davlat tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari mustahkamligining yaqqol tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo, transport, energetika, suv xo‘jaligi va boshqa muhim sohalarda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berildi.
– Shubhasiz, ushbu yutuqlarda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedovning ulkan hissasi bor, – dedi Prezidentimiz.
Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki baravarga ko‘payib, 1 milliard dollardan oshdi. Mahsulotlar turini kengaytirish va erkin savdo rejimidan samarali foydalanish orqali bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
“Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi ham tovar ayirboshlashni ko‘paytirishga xizmat qiladi. Ushbu tajribani boshqa manzillarda, birinchi navbatda, “Olot-Farab” hududida qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Sanoat kooperasiyasini kengaytirish maqsadida qurilish materiallari, farmasevtika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa talab yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarga biznesni faol jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Energetika sohasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yanada kengroq loyihalarga o‘tish, shu jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishib olindi.
Transport sohasi ikki mamlakat iqtisodiyotlarini bog‘laydigan muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Yuk tashish hajmi o‘sib bormoqda, bojxona-logistika tartiblari soddalashtirilmoqda. Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.
Erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash uchun yil oxirigacha Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkaziladi.
Etakchilar gumanitar soha ko‘p qirrali aloqalarning mustahkam poydevori ekanligiga urg‘u berdilar. Urganch va Toshkentda Turkmaniston madaniyati kunlari va turkman filmlari namoyishlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladilar.
Hamkorlik sur’atini saqlab qolish uchun tomonlar o‘zaro konsertlar va teatrlarning ijodiy safarlarini muntazam ravishda o‘tkazish, Xivada Yoshlar forumini tashkil etish va birgalikda filmlar ishlab chiqarish amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.
Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani borasidagi almashinuvlar faollashadi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berdilar.