O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida nutq so‘zladi. U xalqaro nizolar va ziddiyatlar haqida so‘zlab, bunday masalalarni hal qilish uchun kuch ishlatish yoki urushlarga yo‘l qo‘yish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.
“Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish o‘zini oqlamaydi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz”, — dedi Prezident.
Mirziyoyevning fikricha, mintaqaviy mexanizmlar mamlakatlarni birlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Sammitda “Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik” haqidagi shartnoma va uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasi qabul qilindi.