Marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushiriladi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beriladi.
Xususan, hududlarimizda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generasiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.
“E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir”, – dedi Prezidentimiz.
Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.
Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.