O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etish uchun 21-22 aprel kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.
Bo‘lajak tadbirlar davomida Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti yo‘lida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning dolzarb ekologik, iqlim va suv muammolarini hal etish masalalari muhokama qilinadi.
Prezidentimiz ushbu masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi, milliy pavilyonlardan iborat maxsus ekologik ko‘rgazmaga tashrif buyuradi.
Sammitlar yakunida qator muhim hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.