O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Madaniy meros agentligining “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi binolari, jumladan, hozirda O‘zA egallab turgan 16 qavatli binoni auksiondan olib tashlashni talab qilgan bayonotiga izoh berdi.
Toshkent shahri Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan binolar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining davlat reestriga kiritilgan.
2023 yil iyundagi kadastr hujjatlariga ko‘ra ob’ektning umumiy hududi 28 888 kvadrat metrni, bo‘sh yer maydoni 15 211 kvadrat metrni, bino va inshootlarning hajmi 42 048 kvadrat metrni, shundan 25 024 kvadrat metrni ishlab chiqarish va yordamchi binolar tashkil etadi va uchta alohida ma’muriy binolar mavjud.
Davaktiv agentligi va Madaniy meros agentligi rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqotda ob’ekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki yer maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros ob’ekti hisoblanishiga aniqlik kiritish bo‘yicha birgalikda ish tashkil etish kelishib olingan va bu to‘g‘risida Davaktiv agentligining murojaati yuborilgan.
Qayd etilishicha, “Sharq” nashriyoti bugungi kunda kam quvvatda ishlamoqda (50 foiz), biznes-reja ko‘rsatkichlari bajarilmay kelmoqda, 2023 yil yarim yillik yakuni bo‘yicha sof tushumi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan, sof foydasi esa atigi 13,8 million so‘mni tashkil etib, 80 foizga kamaygan.
Jamiyatning mavjud bino-inshootlari va hududidan samarali foydalanilmasada, katta miqdorda mol-mulk va yer solig‘i to‘lab kelmoqda. Jumladan, 2022 yil va 2023 yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan 3,3 milliard so‘m miqdorida mol-mulk va yer solig‘i to‘langan.
“Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uyda joylashgan “Sharq” nashriyot-matbaa AJning bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari esa ma’nan eskirgan va ta’mirtalab, aksariyati esa yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, shuning uchun ham uni ixcham va zamonaviy binoga ko‘chirilishi jamiyat bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Buyuk Turon ko‘chasi, 42-uyda joylashgan O‘zbekiston milliy axborot agentligi (UzA)ning ma’muriy binosi madaniy meros ob’ekti ro‘yxatiga kiritilmagan, ammo ushbu bino Toshkent shahrining tarixiy arxitekturasini, shu jumladan, muhim “modernizm” yodgorligi qiyofasini aks ettirishini inobatga olib, uni saqlab qolish maqsadida savdoning asosiy sharti etib ma’muriy binoning tarixiy qiyofasini saqlab qolish belgilangan.
“Davaktiv agentligi tomonidan Madaniy meros agentligi bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatgan holda madaniy meros ob’ektiga aniqlik kiritiladi va mulkiy majmuani amaldagi qonunchilikka qat’iy amal qilgan holda shaffof xususiylashtirish jarayonini ta’minlaydi, jarayonning har bir bosqichi to‘g‘risida ommani xabardor qilib boradi”, — deyiladi xabarda.