Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Shariatimizda dam solish bormi?

Shariatimizda dam solish bormi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kezi kelganda dam solish haqida ham ikki og‘iz gapirib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi asosiy gaplar sehrning muolajasi borasidagi mavzuda eslab o‘tildi. «Dam solish» deganda Alloh taoloning kitobi bo‘lmish Qur’oni karim oyatlarini va Alloh taoloning ismlarini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan duolarni o‘qib, panoh tilash ko‘zda tutiladi.

Biz o‘rganayotgan dam solish haqidagi masalada bir oz ixtilof bor. Hozirgi o‘zgarishlardan o‘ta ta’sirlanib ketgan ba’zi tomonlar dam solish masalasini yo‘qqa chiqarishga, «Faqat tibga ahamiyat berish kerak, dam solish shariatda yo‘q narsa», deyishga urinadilar. Ular o‘zlarining bu mavqiflarida mubolag‘aga ketishadi. Boshqa bir toifa esa «Hamma narsa dam solishda, u bilan har qanday dardni davolasa bo‘ladi», deydilar. Ular ham bu borada mubolag‘aga yo‘l qo‘yadilar.

Har ikki tomon ham o‘z fikrini qo‘llash uchun oyatlarni o‘z uslubi bilan ta’vil va hadisi shariflarni o‘z uslubi ila sharh qilishadi. Aslini olganda bu boradagi oyati karimalar va hadisi shariflarni to‘liq va yaxshilab o‘rganib chiqilsa, o‘rtacha ish ko‘rish muhimroq va foydaliroq ekani ayon bo‘ladi.

Tibga xos xastaliklarni tib orqali davolash kerak. Dam solishga oid xastaliklarni u bilan davolash va dam solishga ehtiyoji bor kishilarga dam solish kerak. Kezi kelganda dam solishni uzoq muddat inkor qilib yurgandan so‘ng zamonaviy tib ham e’tirof qilganini, uni «dam solish» demasa ham, «ruhiy davolash» deb atayotganini ham eslatib o‘tishimiz lozim.

Ilmiy izlanishlar xasta insonning tuzalishi uchun, unga nisbatan qilinayotgan muolaja ta’sirli bo‘lishi uchun uning ruhiy holati, ixlosi o‘ziga yarasha yaxshi holatda bo‘lishi kerakligini isbot qildi. Hozirda psixologlar (ruhshunoslar) nomi bilan kishilarning ruhiyatini biluvchi, ularga maslahatlar beruvchi, turli narsalarni, jumladan, musiqa tinglash, behuda narsalarni o‘ylamaslik va shunga o‘xshash odamning ruhiy holatini, ishonchini quvvatlashga qaratilgan narsalarni tavsiya beruvchi mutaxassislar ishlashmoqda.

O‘zimiz bir o‘ylab ko‘raylik, mana shu masalada xasta kishini Alloh taolodan ixlos bilan shifo so‘rashga va, albatta, U Zot menga shifo beradi, deb ishonishga da’vat qilishdan ham kuchliroq ruhiy ta’sir bo‘lishi mumkinmi? Alloh taoloning Kitobidan o‘qib, o‘ziga-o‘zi dam solishdan yoki biror taqvodor, shu ishning maromini olgan kishiga dam soldirishdan ham kuchliroq ruhiy ta’sir bo‘lishi mumkinmi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘qigan duolarini o‘qish yoki o‘qitishdan ham kuchliroq ruhiy ta’sir bo‘lishi mumkinmi?

Shuning uchun ham dam solish bor, lekin faqat shariat ko‘rsatgan doirada, hajmda va uslubda bo‘lishi kerak, deymiz. Ulamolarimiz dam solish haqligiga quyidagi oyati karimani dalil qilib keltiradilar:

ﮤ ﮥ ﮦ ﮧ ﮨ ﮩ ﮪ ﮫﮬ ﮭ ﮮ ﮯ ﮰ &;ﮱ ﯓ

«Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas» (Isro surasi, 82-oyat).

Ulamolarimiz ushbu oyati karimada kelgan «shifo» so‘zi o‘zida ham ma’naviy, ham moddiy shifoni mujassam qilishini ta’kidlaydilar.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 

«Davoning yaxshisi Qur’ondir», deganlar».

Ibn Moja rivoyat qilgan.

Dam solish haqida yana ko‘plab hadisi shariflar bor. Shuning uchun ham muhaddislarimizning barchalari o‘z kitoblarida «Tib va dam solish kitobi» sarlavhasi ostida o‘sha hadislarni keltirishgan. Chunki bu ikki masala bir-biri ila chambarchas bog‘liqdir.

Ulamolarimiz aytishadiki, oddiy odamlarning gap-so‘zi kishilarga, jumladan, bemorlarga foyda berishi hamma ko‘rgan, bilgan haqiqatdir. Shunday bo‘lganidan keyin olamlar Robbining kalomi foyda bermasmidi?!

Jismoniy dardlarga dori berilsa, dori ta’sir qiladi, bemorning jismi undan ta’sirlanadi va ularning o‘zaro bir-biri bilan bog‘lanishidan xastalik tuzaladi. Xuddi shuningdek, ruhiy xastalikka uchragan shaxsning ruhiga dam soluvchining ruhi ta’sir qilib, orada o‘zaro bog‘lanish sodir bo‘ladi va Alloh taoloning izni ila bemor tuzaladi. Shuning uchun dam soluvchi yetuk shaxs bo‘lishi muhimdir. Agar dam soluvchi taqvodor, Alloh taologa yetishgan, duosi qabul bo‘lishi mujarrab (tajribada ko‘rilgan) odam bo‘lsa, Alloh taoloning izni bilan solgan dami foydali bo‘ladi.

Hazrati Umar roziyallohu anhu xastalarga Fotiha surasini o‘qib dam solsalar, darhol ta’sir qilar ekan. U kishining vafotlaridan keyin boshqalar bu ishni qilsa, avvalgi natija chiqmabdi. Shunda sirdan xabardor kishilar: «Fotiha surasi-ku, o‘rnida turibdi, ammo uni o‘qiydigan Umar qani?» deyishgan ekan.

O‘z-o‘zidan «Qanday holatda tibga va qanday holatda damga murojaat qilinadi?» degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolning javobi quyidagicha: avvalo bemor tabiblarga ko‘rinishi kerak. Agar tabiblar dardni aniqlashsa, ularga davolatishi lozim. Tabiblar «Siz sog‘siz», desalar-u, kishi o‘zini yomon his qilaversa, dam solishga o‘tish afzal bo‘ladi.

Har kim o‘ziga o‘zi dam solgani afzal. Agar boshqa odamga soldiradigan bo‘lsa, taqvodor, duosi qabul bo‘lishidan umid qilinadigan odamga dam soldirish kerak. Zotan, dam solish ham duoning bir turidir. Dam soluvchi kishi «Dindosh birodarimga shifo so‘rab duo qilmoqdaman», degan niyatda, dam soldiruvchi esa «Din qardoshim menga shifo so‘rab duo qilmoqda, Alloh taolo, O‘zing qabul aylagin», degan niyatda bo‘lishlari kerak. Dam solishni kasb qilib olish mumkin emas.

Ushbu haqiqatlarni barchamiz yaxshi anglab yetishimiz lozim. Bu borada shariatda ko‘rsatilgan narsalarga amal qilib, qolganlaridan chetlanishimiz kerak. Ana o‘shanda ishlarimiz shariat buyurganidek bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni turli ruhiy va jismoniy xastaliklardan, halokatga eltuvchi illatlardan sog‘-salomat, tinch-omon qilsin! Folbin, jin chiqaruvchi, azayimxon va boshqa noshar’iy ish qiladiganlarning xizmatidan foydalanishdan, ularning aldoviga uchishdan asrasin!

 

“Folbinlik, sehrgarlik, jin chiqarish va 

noan’naviy davolash kabi ishlarning haqiqati” kitobidan

Kiritildi: 18:20 09.12.2018. O'qildi: 28006 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!