Bugun 14 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Senatorlar XMTning Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma’qulladi

Senatorlar XMTning Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma’qulladi

Senatning elliginchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikasiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Konvensiya ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan. Konvensiya qoidalari ish haqi to‘lanadigan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Konvensiya iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari va ishchilar toifalariga tatbiq etiladi.

Muhokama davomida Konvensiyada ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda, shuningdek, tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar ko‘rinishida to‘lash taqiqlangani ta’kidlandi.

Senatorlar Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdilar.

Muhokama chog‘ida Konvensiyaning ratifikasiya qilinishi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi aytib o‘tildi.

Ushbu Konvensiya jahonning 99 ta davlati tomonidan ratifikasiya qilingan.

Senatorlar Konvensiyaning ratifikasiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qilishini, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsip va standartlarga sodiqligini ko‘rsatishini alohida ta’kidladilar.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Kiritildi: 09:24 10.02.2024. O'qildi: 723 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!