“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil”iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishi kesimida 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar rejasi, joriy yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati va har bir yo‘nalish kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida loyiha qizg‘in muhokama qilinishi asnosida unda ko‘zda tutilgan masalalar ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan yangicha yondashuvlar 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foizga yetkazish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
“Yashil” energetika milliy iqtisodiyotimiz drayveriga aylanayotganidan kelib chiqib, bu yo‘nalishda ham kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalar belgilanmoqda.
Jumladan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2025 yil 1 apreldan boshlab chiqindilar utilizasiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil tarif”larni joriy etish taklif etilmoqda.
Davlat dasturi loyihasida mamlakat iqtisodiyotini yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun iqtisodiy o‘sishni kamida 6 foiz darajasida ta’minlash, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashda ichki jamg‘armalar va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyatini o‘rganish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlar bilan “korxonabay” ishlarni tashkil qilish va mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash orqali 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish ko‘zda tutilmoqda.
Majlis ishtirokchilari loyihaning barcha bandlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, 2025 yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilayotgan barcha yo‘nalishdagi maqsad va vazifalar ertangi kunimizni yanada farovon qilishda, yurtimiz rivojini yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Tadbir yakunida loyihani takomillashtirish va qabul qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi qayd etildi.