Bugun 7 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Savobning butuni yaxshi!

A A A
Savobning butuni yaxshi!

Kutilmaganda yumushim ko‘payib ishga kechikib otlandim. Bekatda jonsarak tursam, yonimga «Matiz» kelib to‘xtadi. Sobiq o‘quvchim Jamol ekan. Quvonib ketdim.

– Assalomu alaykum, ustoz. Bozor chorrahasigacha chiqvola­qoling, – dedi mehribonlik bilan.
Jamolni maktabda besh yil o‘qitganman. Uyi ham ko‘chamizning oxirida. Yo‘l-yo‘lakay gap­lashib ketib, beixtiyor ikki-uch bor qo‘l soatimga qarab qo‘ydim.
– Ishga kechikyapsiz, shekilli. Sal vaqtliroq chiqqaningizda avtobusga ulgurardingiz, – dedi u.
– E, uyni ishi hech tugamaydi, yugurib-elib soatga ham qaramabman. Aksi bo‘ladi-da o‘zi, bugun barvaqtroq borishim kerak edi, – dedim xo‘rsinib. – Sen orqangga qaytasanmi. – Ichimda esa zora katta yo‘lga olib chiqib qo‘ysa, deb o‘yladim.
– Qaytaman, mollarga kunjaraga ketyapman, – dedi u xotirjamgina. Tepasiga «Emxona» deb yozilgan bino yoniga kelgach mashinasini g‘iyqillatib to‘xtatdi.
– Mayli, opa, yaxshi yetvoling, – dedi u tushaqoling, deganday.

Men rahmat aytib mashinadan tushdim. Yana yuragim dukullab mashina kuta boshladim. Vaholanki, katta yo‘lgacha mashinada besh daqiqalik yo‘l qolgandi. Jamol tushmagur olib chiqib qo‘ysa uncha ko‘p narsa yo‘qotmasdi-ku, deb o‘quvchimning harakatlaridan ranjirkanman, negadir o‘zimdan xafa edim. To‘g‘rida, balki maktabda turli fanlar qatori odamiylik, oqibat kabi insoniy xislatlardan ham saboq berganimda balki hozir shu ahvolda qolmasmidim. Axir besh yil mobaynida unga qancha vaqtimni, asabimni, bilimimni sarflagan, uni hayotda o‘z o‘rnini topishiga baholi qudrat hissa qo‘shgandim-ku.

Nahotki shuning qadri, hurmati bo‘lmasa (Shularni o‘ylarkanman, har doim xayolimda viqor bilan turadigan oqibat atalmish fazilat uyalibgina qaddini bukkanday bo‘ldi). Biroq mayli, har holda shu yergacha olib kelib qo‘ydi-ku, insofi bor ekan, tanimaganga solib o‘tib ketsa ham nima qila olardim. Kuni kecha shunday bo‘ldi-ku. O‘ziga to‘q oilada yashaydigan sobiq o‘quvchim bilan avtobusda chaq-chaqlashib ketdik. Maktab davrini, mening mehribonchiliklarimni zavq bilan esladi. Biroq o‘z bekatiga kelganida shoshilib o‘rnidan turdi-yu, xayr deyishni ham unutib tushib ketdi. Men esa mehnatlarimdan minnatdor bo‘lgan o‘quvchim uchun yo‘l haqini to‘lab yuborishni niyat qilganimcha pulimni changallab qolaverdim. Ana shu xayol menga taskin bo‘ldi.
Tag‘in siz bu qanaqa muallim bo‘ldi nega hammaga tama bilan qaryapti, deb o‘ylamang. Mutlaqo bunday demoqchi emasman. Faqat nega yildan-yilga ota-bola, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, aka-uka, opa-singil, ustoz-shogird umuman odamlar orasidagi oqibat yo‘qolib boryapti, buning uchun kim aybdor, degan savol dilimni ezyapti. Siz shunga nima deysiz, gazetxon?!

Muhabbat HAMIDOVA

Manba: od-opress.uz

Kiritildi: 08:00 11.11.2019. O'qildi: 1945 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!