Bugun 26 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Sardor Umurzakov Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi

A A A
Sardor Umurzakov Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi

Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Toshkent shahrida "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Muammolar va imkoniyatlar" mavzusida oliy darajadagi Xalqaro konferensiyasi doirasida ikki davlat yetakchilarining bo‘lib o‘tgan uchrashuvi strategik sheriklikni rivojlantirishga yangi turtki bergani ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining sermazmun kun tartibini muhokama qilib, investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamkorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratdilar.

O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiy sheriklik o‘sib borayotgan ko‘rsatkichlarining fonida ikkala mamlakat o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirish, birgalikda amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari sonini ko‘paytirish hamda sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish uchun foydalanilmagan salohiyatga ega ekani qayd etildi. Masalan, 2021 yilda pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramay, mamlakatlar o‘zaro savdo hajmini 50 foizga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi va so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida faoliyat ko‘rsatadigan korxonalar soni deyarli 6 baravarga oshdi.

Tomonlar farmasevtika tarmog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan muvaffaqiyatlarni olqishladilar. Shu bilan birga, tomonlar yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha jadal ish olib borayotgani ma’lum qilindi. Mavjud barcha masalalarni hal etishga, xususan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni kelishish va Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini hayotga joriy etish bilan bog‘liq qo‘shma tadbirlarni ilgari surishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

"Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor" trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi va uni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ushbu tashabbus mintaqaning iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish hamda transport va tranzit salohiyatini oshirish uchun muhimligini ta’kidlab, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga o‘zaro sodiqligini ta’kidladilar.

Hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar joriy yilning fevral oyida Pokistonning Panjob provinsiyasi rahbarining Buxoro va Namangan viloyatlariga tashrifini olqishlab, sanoat va ta’lim sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Termiz (O‘zbekiston) va Peshavor (Pokiston) shaharlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyati va Pokiston Islom Respublikasining Xayber-Paxtunxva provinsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish istiqbollari qayd etildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi va kelishildi.

Kiritildi: 20:27 23.02.2022. O'qildi: 3186 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik