AQSh prezidentining maxsus vakili Jared Kushner Isroil bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilib, G‘azo sektori bo‘yicha Donald Tramp taklif etgan rejani amalga oshirishni tezlashtirishga chaqirdi.
The Times of Israel nashrining xabar berishicha, Vashingtonda HAMASni qurolsizlantirishga qaratilgan 15 banddan iborat dasturda belgilangan majburiyatlarni Isroil tomoni kechiktirayotganidan norozilik kuchaygan.
Manbalarga ko‘ra, Netanyaxu avvalroq Tramp bilan muloqotda bosh vazir vazifasini bajaruvchi maqomida ekani rejani amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotganini aytgan. Biroq AQSh ma’muriyati ushbu maqom Isroil rahbariga Eronga qarshi harbiy harakatlar olib borishda xalaqit bermayotganini ta’kidlab, bu vajni jiddiy qabul qilmagan.
Kushner bilan suhbatda esa Netanyaxu rejani amalga oshirishda oldinga siljishga qat’iy bel bog‘laganini bildirgan.
Vashington Isroildan quyidagi choralarni ko‘rishni kutmoqda:
Islandiya tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish va ular uchun bazalar qurishga ruxsat berish;
4 ming nafar falastinlikning polisiya xizmati bo‘yicha ta’lim olish uchun G‘azodan chiqishiga imkoniyat yaratish;
vaqtinchalik turar joylarni G‘azoga olib kirishga ruxsat berish;
Birlashgan Arab Amirliklari ko‘magida yangi turar joy mavzesi qurilishi rejalashtirilgan hududda G‘azoning texnokratik hukumati ish boshlashiga sharoit yaratish;
suv ta’minoti va sog‘liqni saqlash tizimlarini tiklash uchun zarur materiallarni G‘azoga kiritish.
Shuningdek, Oq uy Netanyaxu kelgusida muxolifat safiga o‘tgan taqdirda ham mazkur rejani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi bo‘yicha kafolat olishga intilmoqda.