O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 12-oktabr kuni «Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-169-sonli farmonni imzoladi.
☑️Unga ko‘ra, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklanadi. Shuningdek, «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkaziladi.
Viloyat, shahar hamda tumanlarning iqtisodiyot va moliya boshqarmalari, qolaversa, bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyotning resurslar bilan ta’minlanganligini tahlil qilish yig‘ma bo‘limlari tashkil etiladi.
📝 Iqtisodiyot va moliya vazirligi Parij bitimining (Parij, 2015 yil 12 dekabr) 6-moddasiga muvofiq Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ (milliy organ) hisoblanadi.
Farmonga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan «Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi» loyiha ofisi «issiqxona gazlari savdosi» sohasida davlat tomonidan tartibga solish va xalqaro hamkorlik bo‘yicha ishchi organ deb hisoblanishi belgilandi.
✅ Bundan tashqari, respublika hududida amalga oshirilgan loyihalar asosida uglerod birliklarini xalqaro sertifikasiyadan o‘tkazish va «xalqaro issiqxona gazlari savdosi» ixtiyoriy bozorlariga savdoga chiqarish uchun yo‘naltirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.