Bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Belarus Strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) bilan hamkorlikda tashkil etilgan «O‘zbekiston – Belarus: hamkorlikning yangi ufqlari va istiqbollari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston-Belarus munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari tahliliga alohida e’tibor qaratdi. SMTI vakili ta’kidlaganidek, O‘zbekiston va Belarusni an’anaviy do‘stlik va sheriklik rishtalari bog‘lab turadi, ular yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.
Bugun bu boradagi ishlarni faollashtirish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Bu siyosiy iroda, o‘zaro manfaatdorlik va keng qamrovli aloqalarni o‘rnatish uchun foydalanilmagan katta zaxiralarning mavjudligidir”, — qayd etdi ekspert.
O‘tgan yili O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lganligi alohida ta’kidlandi. Bu davrda tomonlar ko‘plab ijobiy natijalarga erishdilar.
Shu nuqtai nazardan, Akramjon Ne’matov barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlik o‘sishining ijobiy dinamikasi, turli darajadagi jadal muloqotlar mavjudligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli 2017 yildan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 3,5 baravar o‘sib, ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta yarim milliardlik chegaradan (620 million dollar) oshib ketdi. Keyingi maqsad - 1 milliard dollar”, - deya ta’kidladi ekspert.
Ekspert fikricha, O‘zbekiston va Belarus iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirishini hisobga olinadigan bo‘lsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolaveradi.
Sanoat kooperasiyasini yanada rivojlantirish, qo‘shma raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni yaratish katta istiqbolga ega.
Buning tasdig‘i sifatida SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari qo‘shma korxonalar sonining misli ko‘rilmagan darajada oshganini qayd etdi. 2017 yilda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 22 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 200 tadan oshib, qariyb 10 barobar o‘sganini ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, hozirda Belarusda 100 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Ular sanoat va texnologik hamkorlikni, jumladan, mintaqalararo aloqalarni doimiy ravishda kengaytirish orqali rivojlantirish uchun mutlaqo yangi shart-sharoitlarni yaratmoqda.
Bundan tashqari, ular nafaqat O‘zbekiston bozoriga, balki qo‘shni davlatlar, Janubiy Osiyo mamlakatlari va boshqa mintaqalardagi istiqbolli bozorlarga ham e’tibor qaratmoqda.
Bu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamkorligimizning asosiy omiliga aylanishi mumkin”, — deya aniqlik kiritdi Akramjon Ne’matov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, farmasevtika, chorvachilik, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalardagi loyihalarda umumiy investisiya imkoniyatlarini qo‘llashga alohida talab mavjud.
Ijtimoiy-gumanitar soha ikki tomonlama hamkorlikning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ta’lim sohasidagi qo‘shma dasturlarimiz katta natijalar ko‘rsatmoqda. Ekspert ularning soni 80 taga yetganini qayd etdi.
Unga ko‘ra, so‘nggi 4 yil ichida Belarus oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 5 barobarga o‘sib, 400 nafardan 2 ming nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich belarus ta’limiga bo‘lgan talab o‘zbek yoshlari orasida yuqoriligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston va Belarus oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 200 dan ortiq hamkorlik shartnomalari mavjud bo‘lib, ular doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda, tajriba almashilmoqda. Ilm-fan sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus qo‘shma komissiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Axborot texnologiyalari, kimyo, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot kabi yo‘nalishlarda 54 ta ilmiy loyiha amalga oshirildi. Yana 30 ta shunday qo‘shma tashabbus amalga oshirish bosqichida.
2023 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi rektorlarining 1-forumi ikki davlatning ta’lim va ilm-fan sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorligi ramzi bo‘ldi, uning natijasida «Hamkorlikning yo‘l xaritasi» qabul qilindi.
Akramjon Ne’matov ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish ham O‘zbekiston-Belarus munosabatlarida muhim o‘rin tutadi.
O‘tgan yil oxirida «O‘zbekiston – Belarus sog‘liqni saqlash va tibbiyot ta’limi kunlari» birinchi tibbiyot forumi bo‘lib o‘tdi. Natijada O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida tibbiyotni hamkorlikda rivojlantirish bo‘yicha 120 dan ortiq shartnoma imzolandi, dedi ekspert.
Aspirantura yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama dasturlar, neonatal jarrohlik, kardiojarrohlik va organlar transplantasiyasi bo‘yicha tajriba almashish rivojlanish bosqichida.
Ma’lum tibbiyot markazlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish amaliyoti ishlab chiqilmoqda”, — deya xulosa qildi Akramjon Ne’matov.
Eslatib o‘tamiz, tadbirda O‘zbekiston va Belarus diplomatik missiyalari rahbarlari, ikki mamlakat ekspert-tahliliy, ilmiy-akademik doiralari rahbarlari va vakillari – Belarus tomonidan BSTI, Marketing va narx tadqiqotlari milliy markazi, Belarus davlat transport universiteti, P.M.Masherov nomidagi Vitebsk davlat universiteti kabi nufuzli tadqiqot institutlari rahbarlari va mutaxassislari, O‘zbekiston tomonidan esa SMTI, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbarlari ishtirok etdi.