Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 3 iyunga o‘tar kechasi Ukraina hududi bo‘ylab Rossiya tomonidan 112 ta dron uchirilgan. Odessada turar joy binolari, fuqarolik infratuzilmasi va bir nechta avtomobillarga zarar yetgan. Shahar meri Gennadiy Truxanovning ma’lum qilishicha, jabrlanganlar yo‘q.
Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning xabar berishicha, so‘nggi bir sutka ichida artilleriya hujumlari oqibatida viloyatda uch kishi halok bo‘lgan, olti kishi jarohat olgan. Xerson viloyatida esa bir kishi halok bo‘lgan, yana 13 kishi yaralangan.
Bundan tashqari, 3 iyun tongida Rossiya armiyasi Sumi shahrining markaziy qismiga raketa tizimlari orqali bir nechta zarba bergan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 25 kishi jarohat olgan. Shahar kengashi xabariga ko‘ra, yaralanganlar orasida uch nafar bola va uch nafar kattalar og‘ir ahvolda.
3 va 4 iyun kunlari Sumi viloyatida halok bo‘lganlar xotirasiga motam kunlari deb e’lon qilindi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ushbu hujumlarni izohlar ekan, Rossiya har kuni unga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish va Kiyevga yordamni oshirish uchun sabablar berayotganini aytdi.