Bugun 10 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Samarqanddagi davlat organlari va tashkilotlarida 109 mingdan ortiq qonunbuzilish holati aniqlandi

A A A
Samarqanddagi davlat organlari va tashkilotlarida 109 mingdan ortiq qonunbuzilish holati aniqlandi

Bu haqda Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida 2023 yilning birinchi yarmida norma ijodkorligi, huquqni qo‘llash sohasida, shuningdek, aholining va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Samarqand viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot bergan mazkur boshqarma boshlig‘i Salohiddin Nuriyev ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, hisobot davrida viloyat adliya organlari tomonidan huquqni qo‘llash sohasida 645 ta davlat organi va tashkilotida 669 marta nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Mazkur tadbirlar chog‘ida 109 mingdan ortiq qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

– O‘tgan yillardan farqli ravishda 2023 yilning birinchi yarmida davlat organlari va tashkilotlarida huquqni qo‘llash sohasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida asosan mas’ul xodimlarni jazoga tortishga emas, balki ushbu sohada kelgusida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ular faoliyatini huquqiy-metodik jihatdan ta’minlash orqali qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishining oldini olishga alohida e’tibor qaratildi, – dedi S.Nuriyev. – Buni raqamlar ham ko‘rsatib turibdi, ya’ni 2022 yilning birinchi yarmida 1428 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida 502 nafar shaxsning intizomiy javobgarlik masalasi hal etildi.

Bundan tashqari, eng ko‘p qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan sohalarda huquqiy qo‘llanmalar tayyorlanib, elektron shaklda tarqatildi.

Boshqarma tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, “Er uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensasiya berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida jami 11 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi kompensasiya mablag‘lari to‘lab berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yurituvchi 100 nafardan ortiq xodimga 5 milliard so‘m to‘lanmagan ish haqlari va boshqa to‘lovlar adliya organlarining aralashuvi bilan to‘lab berildi.

Axborotda viloyatda norma ijodkorligi sohasida ham ijobiy natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Yilning birinchi yarmida adliya organlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining 54 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Agar o‘tgan yili tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 24 holatda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasdan hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa, hokimliklar va adliya bo‘limlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik natijasida bu yil ushbu yo‘nalishda qonunbuzilish holatlari kuzatilmadi. Faqatgina “E-qaror” elektron tizimi orqali mahalliy hokimliklar tomonidan qarorlar qabul qilishda 86 ta qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgan. O‘tgan yilning dastlabki olti oyida esa bu raqam 148 tani tashkil etgandi.

Kiritildi: 17:16 25.09.2023. O'qildi: 778 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!