Shu yilning 28 mart kuni soat taxminan 13:00 larda Samarqand shahar Ko‘ksaroy mahallasida qotillik jinoyati ro‘y berdi.
Bu mudhish jinoyatni ikki nafar farzandning onasi, 1960 yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz I.Popova sodir etadi. U tanishi, 1949 yilda tug‘ilgan N.Eryominaning xonadonida birgalikda tushlik qilib o‘tirib, o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida uning boshiga temir choynak bilan urib, so‘ngra bo‘g‘ib o‘ldiradi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan I.Popovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 29 mart kuni ushbu jinoyat Ko‘ksaroy mahallasi aholisi va shahar jamoatchiligi ishtirokida muhokama etildi.
Unda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, viloyat prokurori va ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirok etdi.
Viloyati hokimi jinoyat yuzaga kelishi sabab bo‘lgan omillarga to‘xtalib, bu avvalo mahalla aholisining beparvoligi, fuqarolar yig‘ini raisi va xodimlarning, profilaktika inspektorining o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan qaramagani oqibati ekanligini ta’kidladi.
Jinoyat sodir bo‘lgan xonadonni borib ko‘rib, shunga amin bo‘ldikki, u yerda mana shunday mudhish ish yuzaga kelishiga olib keluvchi muhit bo‘lgan, dedi E.Turdimov. Lekin bunga qarshi na mahalla, na profilaktika inspektori va na xotin-qizlar qo‘mitasi chora ko‘rgan. Bu ikki ayolning ichkilikka ruju qo‘yganligini aytishyapti. Shunday bo‘lsa, nega hududga mas’ul oilaviy poliklinika mas’ullari yoki mahalla shu paytgacha ularni ro‘yxatga olish, sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rmagan? Axir og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat miqyosida shuncha e’tibor ko‘rsatilyapti-ku. Nega, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalladagi mutaxassis bu xonadonga kirib, bu yerdagi holat haqida bong urmadi? Nima uchun, vaziyatni o‘nglash choralari ko‘rilmadi?
Mana, beparvolik, mas’uliyatsizlikning oqibati. Albatta, jinoyatga qo‘l urgan shaxsga nisbatan tegishli jazo qo‘llaniladi. Ammo ana shu jinoyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan shaxslarning faoliyatiga ham huquqiy baho beriladi-deyiladi, O‘zA xabarida.
Manba: 7news.uz