Payariq tumanida tug‘uruqxonadan ayolning chaqalog‘ini olib chiqib, sotib yuborgan hamshira jinoiy jazoga tortildi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1981 yilda tug‘ilgan K.A. Payariq tumani markaziy shifoxonasi tug‘uruqxona bo‘limi hamshirasi lavozimida ishlagan. U 2025 yil 12 aprel kuni ruhiy nosog‘lom bo‘lgan Z.X.ning 3 kunlik chaqalog‘ini aldov yo‘li bilan tug‘uruqxonadan o‘g‘irlab olib chiqqan. Shuningdek, u ayolning fuqarolik pasporti hamda bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olib qo‘ygan.
So‘ngra bolani o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Minlo mashinasida tumanning Go‘zal mahallasida yashovchi F.B.ning uyiga olib borgan va unga 5 mln so‘m hamda 100 AQSh dollariga sotgan. Pullarni esa o‘z shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Holat yuzasidan Payariq tuman IIB JQB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, bola tuman tug‘uruqxonasiga topshirilgan.
JIB Payariq tuman sudining 2025 yil 11 avgustdagi hukmi bilan K.A. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil sog‘liqni saqlash tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, Minlo mashinasini jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga o‘tkazish belgilangan.
Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2025 yil 23 sentyabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmining Minlo mashinasini jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga o‘tkazish qismi bekor qilingan va mashina K.A. ixtiyorida qoldirilgan.