Bugun 24 avgust, 2019 yil, shanba

КИР

Samarqandda bolta bilan jarohatlangan bloger Otabek Jo‘rayevning ishi o‘rganilmoqda

Samarqandda bolta bilan jarohatlangan bloger Otabek Jo‘rayevning ishi o‘rganilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Otabek Jo‘rayevning Samarqandda kaltaklangani va u tan jarohati olgani haqida xabarlar tarqatilgandi.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi ma’lumot berdi. Qayd etish kerak, bu ma’lumotlar avval tarqalgan xabarlarni jiddiy inkor qiladi.

Ushbu xabarlarda keltirilgan holatlar Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘ldiki, Otabek Jo‘rayevning ichki ishlar organlariga bergan arizasiga ko‘ra, Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, 2019 yilning 4 avgust kuni soat 18:00 larda Otabek Jo‘rayev Samarqand shahri, Ibn Xoldun ko‘chasi, 4 a-uy oldida Doniyor Usmonov bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik natijasida bir-birlarini bolta va armatura bo‘laklari bilan urib tan jarohati yetkazishgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasida, O.Jo‘rayevning o‘ng tirsak bo‘g‘imi, ko‘krak qafasi sohalarida shilinmalar, boshning chap chakka sohasida yuzaki jarohatlari mavjudligi, ular o‘tmas qattiq jism ta’sirida yetkazilganligi, ushbu jarohatlar sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lmasligi, shuning uchun yengil tan jarohatlari guruhiga kirishligi ko‘rsatilgan.

D.Usmonovning qorin old devorida kesilgan yaralar kabi jarohatlar aniqlanganligi, ulardan shilinmalar, qontalash va urilib yirtilgan yarasi o‘tmas qattiq jism ta’sirida, kesilgan yaralar o‘tkir tig‘li vosita ta’sirida yetkazilganligi, ushbu jarohatlar sog‘liqning olti kundan ko‘p, ammo yigirma kundan kam bo‘lgan muddatga buzilishiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari guruhiga kirishligi Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasida ko‘rsatilgan.

Holat bo‘yicha shu kuni Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi xodimlari tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilganda bir dona bolta daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olingan. O.Jo‘rayev holat yuzasidan o‘z tushuntirish xatida, D.Usmonovning sobiq turmush o‘rtog‘i R.Usmonova bilan sha’riy nikoh asosida turmush qurganligini ma’lum qilgan. Shu kuni uning yashash uyida o‘tirganda D.Usmonov kelib, nima sababdan turmush o‘rtog‘i bilan yurishini va avtomashinasini haydab yurganligini aytib, bolta bilan R.Usmonovani avtomashinasini buzib tashlayman deganida, O.Jo‘rayev uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan va bolta O.Jo‘rayevning bosh qismiga tegib ketgan. Shuningdek, u ushbu bolta bilan D.Usmonovning qorin qismiga ham jarohat yetkazib, qochib ketib, shifoxonaga murojaat qilganligini bayon qilgan.

D.Usmonov dastlabki tushuntirish xatida shu kuni nabiralaridan xabar olish uchun sobiq turmush o‘rtog‘i R.Usmonovaning yashash uyiga borganida, unga notanish bo‘lgan, keyinchalik bilishicha O.Jo‘rayevni ko‘rib, uyidan chiqib ketishini aytganida O.Jo‘rayev R.Usmonovaga tegishli bo‘lgan «Kaptiva» rusumli avtomashinasini haydab ketishini aytganligi, ammo u turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan bo‘lsa-da, mol-mulki bo‘linmaganligi sababli bunga yo‘l qo‘ymaganligini, avtomashinani orqa tutun chiqarish teshigiga latta va yog‘och bilan yopganida o‘rtalarida janjal kelib chiqqanligi, boltani olib avtomashinaga shikast yetkazmoqchi bo‘lganida O.Jo‘rayev boltani ushlab olganligi, shu paytda uning bosh sohasiga tegib ketganligi, u boltani tortib olmoqchi bo‘lganida bolta o‘ziga tekkanligini, natijada jarohat olib shifoxonaga murojaat qilganligini bayon qilgan.

D.Usmonovdan qo‘shimcha ravishda tushuntirish xati olinganida, u dastlabki bergan ayrim tushuntirishlarini o‘zgartirib, shu kungi janjal vaqtida O.Jo‘rayev uni shu yerda turgan armatura bo‘lagini qo‘liga olib, qorin sohasiga ikki marotaba urib tan jarohati yetkazganligi, shundan keyin o‘zini himoya qilish maqsadida archa tagida bo‘lgan boltani olib, avtomashinaga shikast yetkazmoqchi bo‘lganligini, O.Jo‘rayev esa uning qo‘lidan boltani tortib olayotgan vaqtida o‘zining bosh sohasiga tegib ketganligini bayon qilgan.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, - deyiladi IIV xabarida.

Kiritildi: 13:46 14.08.2019. O'qildi: 717 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!