Bugun 8 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Samarqand va andijonlik muxlislarni so‘kkan “Nasaf” matbuot xizmati xodimi ishdan olindi

Samarqand va andijonlik muxlislarni so‘kkan “Nasaf” matbuot xizmati xodimi ishdan olindi

Qarshining “Nasaf” klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov o‘zining “X” (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasida Samarqand hamda andijonlik futbol muxlislari sha’niga nomaqbul so‘zlar ishlatgani bois jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Shundan so‘ng “Dinamo” va “Andijon” klublari Bobonazarovning muxlislarga nisbatan haqoratomuz va asossiz bayonotlari bo‘yicha “Nasaf” matbuot xizmatidan rasmiy tushuntirish so‘ragan. Jumladan, “Andijon” klubi matbuot xizmati “Nasaf” rasmiylari – Botir Qorayev va Sardor Nurov bilan bog‘lanib, vaziyat yuzasidan izoh so‘ragan.

“Dinamo” klubi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Bobonazarov Samarqandda o‘tkazilgan o‘yinda VAR texnikasi Jizzaxdan yetib kelmaganini bahona qilib, mezbon klub bo‘lgan Samarqand jamoasi haqida haqoratomuz fikr bildirgan.

O‘z navbatida, “Nasaf” futbol klubi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda aytilishicha, matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov ayni paytda mehnat ta’tilida bo‘lib, mazkur uchrashuvda xizmat vazifasini bajarmagan. Shunga qaramay, u shaxsiy “X” sahifasida “Dinamo” va “Andijon” jamoalari muxlislari sha’niga nisbatan nomaqbul ifodalarni qo‘llagan.

Bayonotda shunday deyiladi:

Mazkur shaxsiy fikrlar klub pozisiyasini aks ettirmaydi. "Nasaf" futbol klubi har qanday haqorat va kamsitish holatlarini qat’iyan qoralaydi. Ushbu holat bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilib, kerakli tushuntirish ishlari olib borildi. Klub axloqiy me’yorlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun Sarvar Bobonazarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Ma’lumot uchun, Samarqandda kechgan “Dinamo” — “Nasaf” uchrashuvida 2:2 hisobi qayd etildi.

Kiritildi: Bugun 09:10. O'qildi: 271 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!