Joriy yilning 4 iyul kuni Samarqand turizm va madaniy meros texnikumini qayta foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov texnikumning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
«Kelgusi besh yilda turizm sohasida mehnat qilayotgan malakali kadrlar sonini 500 mingdan oshirish maqsad qilingan. Qayd etish kerakki, texnikumni yaxshi va a’lo baholarga bitirgan o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida imtihonsiz, suhbat asosida o‘qishni ikkinchi kursdan davom ettirish imkoniyatiga ega», – dedi A.Abduhakimov.
Ta’kidlash joizki, texnikumda bugungi kunda 9 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilgan:
– Turizm;
– Servis va turizm;
– Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish;
– Umumiy ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish;
– Non, non mahsulotlari, qandolat va makaron ishlab chiqarish;
– AYEroport xizmatlari;
– Buxgalteriya hisobi va audit;
– Sartaroshlik san’ati;
– Madaniy meros obektlarini saqlash va ularni ta’mirlash ustasi.
Texnikumda ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ta’lim jarayoni tashkil etilgan. Shuningdek, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Bolgariya va boshqa xorijiy davlatlar bilan ham xalqaro aloqalar o‘rnatilgan. Texnikumning o‘quvchi hamda o‘qituvchilari xalqaro turizm tashkilotlarida bilim va malaka oshirib kelmoqda.
Texnikumda maxsus ustaxonalar ham mavjud bo‘lib, o‘quvchilar u yerda o‘rgangan bilimlarini amaliyotda yanada mustahkamlash imkoniga ega.