Jenevada O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatning islohotlarga sadoqati, barqaror taraqqiyot va umuminsoniy qadriyatlarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, yaqin kunlarda BMT binosida «O‘zbekiston xonasi» ochilishi ma’lum qilindi. Bu maskan jahon hamjamiyati uchun mamlakatimiz madaniyati va an’analarini yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Shuningdek, Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbatda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lish istiqbollari hamda ishonch va hamkorlikning ahamiyati muhokama qilindi.
O‘zbekiston o‘z xalqaro majburiyatlarini qat’iyat bilan bajarishini va jahon savdo tizimida faol ishtirok etishini tasdiqladi.
❗️Ta’kidlash joizki O‘zbekiston bu savdo tashkilotiga qo‘shilishi juda muhim va dolzarb masalalardan biri chunki bu orqali mamlakatimiz mahsulotlari uchun jahon bozorlariga yo‘l kengayadi, raqobat muhiti kuchayadi, oddiy iste’molchilar esa sifatli va nisbatan arzon tovarlarga ega bo‘lish imkoniyatiga erishadi. Shu bilan birga chet el sarmoyasi uchun qulay sharoit yaratilib, yangi ish o‘rinlari ochilishi va iqtisodiyotning barqaror o‘sishi ta’minlanadi.