Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Said-Abdulaziz Yusupov 160 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi

Said-Abdulaziz Yusupov 160 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 2019 yil 10 may kuni fuqaro Yusupov Said-Abdulaziz Kamoliddinovich JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ushlangan va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, S.Yusupov:

- fuqaro A.A.ni aldab, birgalikda biznes-loyihasini amalga oshirish uchun undan D.S. va A.D.lar orqali 65 ming AQSh dollari;
- J.D.ga konditer mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasi yetkazib berishini aytib, undan 15 ming AQSh dollari;
- B.YA.dan uning qizini Toshkent Davlat Yuridik Universitetiga o‘qishga kiritish uchun 35 ming AQSh dollari; 
- D.S.ning ishonchiga kirib, g‘isht ishlab chiqarish zavod uchun kerakli jihozlarni yetkazib berishini aytib, undan 28.000 AQSh dollari;
- K.E.ning ishonchiga kirib, undan 15 ming AQSh dollari;
- V.S.ning ishonchiga kirib, undan 2 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

"Human.uz" nashriga ko‘ra, S.Yusupov 2013-2017 yillar davomida jami 6 nafar fuqarodan 160 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shundan 3 nafar jabrlanuvchiga bor-yo‘g‘i 2300 AQSh dollarini qaytargan, 157.700 AQSh dollarini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. 

Mazkur holatlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 2019 yil 12 may kuni S.Yusupov jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

“Hozirda turli ijtimoiy tarmoqlarda S.Yusupovning qarindoshlari va ayrim nashrlar tomonidan S.Yusupovning hibsga olinishiga qandaydir siyosiy tus berishga urinishlar bo‘lsada, qat’iy aytish kerakki, unga tergov davrida qo‘yilayotgan ayblov mutlaqo iqtisodiy jinoyatlar doirasidadir. Mazkur jinoyat holatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolarni huquq va manfaatlarini himoya qilish qonun talabidir”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Respublika Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining shu yil 16 maydagi xulosasida S.Yusupovda qon-tomir kasalligi, ayblanuvchining salomatligi holati unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi va tergov harakatlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi ko‘rsatilgan.

S.Yusupovning onasi J.Bakayeva 7 iyun kuni Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, o‘g‘li tergov jarayonida qiynoqqa solinayotganligi, shu sababli o‘g‘lini himoyachisi ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘ragan.

8 iyun kuni Bosh prokuratura tomonidan himoyachi A.Shoymardonov ishtirokida mutaxassis-shifokorlar jalb qilingan holda ayblanuvchi S.Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shoymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirish xatida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy ta’ziqlar o‘tkazilmaganligi, hozirda kasalligi bo‘yicha tegishli dori vositalari va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganligini bildirdi. 

Aytish kerakki, hozirda turli ijtimoiy tarmoqlarda S.Yusupovning hibsga olinishi bilan bog‘liq jarayonga siyosiy tus berish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Biroq unga tergov davrida qo‘yilayotgan ayblov iqtisodiy jinoyatlar ekanini ko‘rsatib turibdi.

Mazkur jinoyat ishining tergovi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Kiritildi: 10:47 12.06.2019. O'qildi: 2427 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!