Qirg‘iz Respublikasi Prezident Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevning Vazirlar Mahkamasi rahbari o‘rinbosari - Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan ozod etilganiga qisqacha izoh berdi.
"Avvalambor, men bu qarorni davlatimiz manfaatlarini ko‘zlab, jamiyatda, shu jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik, aksincha, birdamlikni mustahkamlash maqsadida qabul qildim," — degan Sadir Japarov.
Qirg‘iz nashrlari Qamchibek Tashiyev va mamlakat prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi hamkorlik ularning hokimiyatga kelishdan ancha oldin boshlangani, bir qator siyosiy jarayonlarda safdosh bo‘lishgani, 2012 yilda bir holat bo‘yicha sudlanishgani, ularning o‘zaro aloqalari mustahkam bo‘lganini yozishgandi.
Sadir Japarov mamlakat rahbarligiga kelgach, Qamchibek Tashiyevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari etib tayinlaydi. So‘nggi yillarda mamlakatda qator jinoiy avtoritetlarning hibsga olinishi hamda Tashiyevning keskin bayonotlari ortidan uning mavqei juda oshib ketgandi.