Kinematografiya agentligi axborot xizmati rahbari Nozim Safarov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan tele-seriallar bo‘yicha izoh berdi:
– So‘nggi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan «Sabriya» va «Daydi qizning daftari» hamda boshqa shunga o‘xshash seriallar Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinmagan. Ushbu seriallar xususiy studiyalar tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqarilgan va Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan. Agentlik Badiiy kengashi davlat buyurtmasiga binoan suratga olingan kinomahsulotlarni hamda kinoteatrlarda namoyish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilingan filmlarnigina ko‘rib chiqish vakolatiga ega. Yuqoridagi aytilgan seriallarning Kinematografiya agentligiga aloqasi yo‘q.
Telegram ijtimoiy tarmog‘ida ayrim faollar tomonidan ushbu seriallar Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinganligi haqida yanglish bayonotlar berilmoqda. Jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida axborot tarqatayotganda ma’lumotlar qanchalik to‘g‘riligini tekshirishni tavsiya qilamiz. Agentlik ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar bilan muloqotga har doim ochiq.