Bugun 9 may, 2026 yil, shanba

КИР

Sabr va namoz ila yordam so‘rang

A A A
Sabr va namoz ila yordam so‘rang

"(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘ranglar. Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Faqat xushu’ qiluvchilarga (og‘ir) emas” ("Baqara" surasi, 45-oyat).

Oyatdagi “sabr”ning ma’nosi, Imom Qurtubiyga ko‘ra, saqlamoq, to‘xtatib qolmoq, xalal bermoqdir. “Nafsimni bir narsaga qarshi sabr qildim”, deyilganda, “o‘zimni o‘sha narsadan tiydim, saqladim”, degani bo‘ladi.

Alloh taolo O‘zining kitobida itoatda bardavom bo‘lish va amrlariga xilof qilishdan uzoq turish orqali sabr qilishga buyuradi. “Falon kishi ma’siyatlardan sabr qildi”, deyiladi. Ma’siyatlardan sabr qildimi, toatga ham sabr qildi, demakdir. Bu xususda eng to‘g‘ri so‘z budir. Nahhos aytadi: “Musibatlarga sabr qiladigan kishiga sabr qiluvchi deyilmaydi, balki u o‘sha narsaga sabr qildi, iborasi qo‘llanadi. Agar umumiy ma’noda “sabr qiluvchi” ta’biri qo‘llansa, uni aytib o‘tganimiz izohga ko‘ra tushunish kerak”. Alloh taolo bunday marhamat etadi: "Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur" ("Zumar" surasi, 10-oyat).

Parvardigorimiz “sabr va namoz ila” oyati karimasi bilan boshqa ibodatlar orasida namozni alohida zikr qilgan. Zero, Qurtubiy tafsirida keltirilishicha,Payg‘ambarimiz (a.s.) ham biror narsadan qattiq ranjisalar, darhol namozga suyanardilar (ya’ni namoz bilan xotirjam tortardilar) (Ahmad rivoyati). Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Abbos (r.a.) safarga ketayotganida unga ukasi Qusamning, boshqa bir rivoyatda qizining o‘limi haqida xabar keldi. Ibn Abbos darrov istirjo’ keltirdi (“inna lillahi va inna ilayhi roji’un”, dedi), so‘ngra yo‘l chetiga o‘tib namoz o‘qidi va ortidan “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘ranglar”, oyatini o‘qidi. Bu rivoyatdan ma’lum bo‘ladiki, oyatda barcha biladigan, shariatdagi namoz haqida so‘z bormoqda. Ammo boshqalar namozning lug‘atdagi ma’nosini nazarda tutib, oyatda duo qilish ma’nosida kelganini aytadilar. Bu ta’vilga ko‘ra, oyat "Anfol" surasining mana bu oyatiga o‘xshash ma’noni beradi: “...Biror to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turing va Allohni ko‘p yod eting...” (45-oyat).  Chunki sabot bu sabr, zikr esa duo deganidir.

Uchinchi xil fikr Mujohidga tegishli. Unga ko‘ra, oyatdagi sabrdan murod ro‘zadir. Shuning uchun ham ramazonni sabr oyi deyiladi. Bu fikrga binoan oyati karimada namoz va ro‘za o‘zaro mutanosib bo‘lgani uchun ham birga zikr qilingan. Zero, ro‘za shahvatlardan to‘sadi va zuhdni orttiradi. Namoz ham yomon va buzuq ishlardan qaytaradi, kishi qalbiga xushu’ soladi hamda namozda Alloh taolo va oxiratni eslatadigan oyatlar o‘qiladi.

Imom Faxriddin Roziy ham shu fikrga qo‘shiladi. Uning aytishicha, ro‘zador odam ochlik va chanqoqlikka sabrli bo‘ladi. Nafsini, me’dasini va farjini shahvatidan saqlangan kimsadan dunyo g‘ami, dil xiraligi uzoq bo‘ladi. Bunga namoz qo‘shilgach, qalb Alloh taoloni tanish (ma’rifatulloh) bilan munavvar tortadi. Alloh taolo ro‘zani namozdan oldin zikr qilgan. Chunki ro‘zaning ta’siri noloyiq narsalarni ketkazish bo‘lsa, namozning ta’sirida loyiq narsalar yuzaga keladi. Zero, qoidaga ko‘ra, kerakli narsalarni yuzaga keltirishdan oldin keraksizlarini ketkazish lozim bo‘ladi.

Aziyat-ozorlarga sabr  qilish nafsga qarshi jihod qilish, uning orzu-havaslaridan uzoq turish bo‘lib, u payg‘ambarlar va solih zotlarning xulqlaridan. Yahyo ibn Yamon aytadi: “Sabr Alloh taoloning senga rizq qilib bergan holdan boshqasini istamasliging va Alloh taolo dunyoying va oxiratingga oid ishlarlarda sening uchun hukm qilgan narsaga rozi bo‘lishingdir”.

Sabr shunday ulug‘ fazilatki, uning oxiri hilmdir. Kishi sabrni o‘z fazilatiga aylantirishi bilan xulqi ham muloyimlashib boradi. Alloh taoloning “As-Sabur” ismi ham shunga dalolat qiladi.

Sha’biy deydi: «Ali (r.a.) aytganlar: “Sabr iymon uchun tanadagi bosh kabi zarurdir».

Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir”. Mufassirlar oyatdagi “u”dan maqsad namozmi yoki sabrmi, degan masalada turli fikrlarni ilgari surishgan. Ba’zilarga ko‘ra, “u”dan maqsad namozdir. Zero, nafs uchun namoz o‘qish ro‘za tutishdan ko‘ra og‘ir keladi. Chunki ro‘zada faqat orzu va shahvatlardan tiyilish buyurilgan. Ya’ni, ro‘zadorga yeyish-ichish va jinsiy munosabat ta’qiqlangan. Bundan boshqa gaplashish, yurish-turish kabi ehtiyojlardan istaganicha foydalanishi mumkin. Namoz o‘qiyotgan kishiga bo‘lsa, bularning birontasi mumkin emas. Namozda barcha a’zolar butun orzu va shahvatlardan to‘siladi. Shunday bo‘lgach, namoz nafsga og‘irroq tuyuladi. Shuning uchun ham Alloh taolo “Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir”, deya marhamat qilgan.

Boshqa tafsirchilarga ko‘ra, oyat “u” deyilganda namoz ham, sabr ham ko‘zda tutilgan. Ammo birinchi fikr haqiqatga yaqindir.

Bundan faqatgina xushu’ qiluvchilar istisno etilgan. “Faqat xushu’ qiluvchilarga (og‘ir) emas”. Ya’ni, ulardan boshqalariga og‘ir keladi. Ma’oniy olimlari aytadilar: «Azalda Alloh taolo tomonidan tanlangan va hidoyat berilgan kimsalardan boshqalarga bu og‘ir keladi”, demakdir».

Alloh taoloning bu oyatidagi “xoshi’un” so‘zi tavozeli, kamtarin ma’nolarini bildiruvchi “xoshi’” so‘zining ko‘pligidir. Xushu’ – bir qism a’zolarda sokinlik va tavozelilik shaklida yuzaga chiqadigan nafsiy holat. Qatoda aytadi: “Xushu’ qalbda bo‘ladi. Namozdagi xushu’ esa qo‘rqish hamda o‘ngu so‘lga qarashdan tiyilishdir”.

Ibrohim Naxa’iy A’mashga dedi: “Shuni bilki, xushu’ qattiq-quruq narsalar yeyish, qalin  va dag‘al kiyimlar kiyish, boshini oldinga egib yurish emas. Xushu’ sharafli kishini ham, oddiy kimsani ham haqiqat yuzasidan teng ko‘rishdir. Alloh senga buyurgan barcha farzlarda itoat qilishingdir”.

Umar ibn Xattob (r.a.) boshini quyi solib ketayotgan yosh yigitga: “Ey falonchi, boshingni ko‘tar, chunki xushu’ qalbdagidan boshqa narsa emas”, dedi.

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadi: “Xushu’ qalbda bo‘lib, musulmonlarga yumshoq muomala qilish, namozda o‘ngu so‘lga qaramaslikdir”.

Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Oyatdan murod shuki, namoz xushu’ qilmagan kimsalarga juda og‘ir keladi. Chunki namoz o‘qiganda biror savobga, uni tarki qilgandan esa qandaydir jazoga loyiq bo‘lishiga ishonmagani uchun unga bu ish mashaqqat bo‘lib tuyuladi. Ammo bu ibodat namoz o‘qishdan foyda bisyorligi, o‘qimaslik esa katta zarar ekaniga ishonchi bo‘lgani uchun qalbi xushu’ga to‘la itoatlilarga og‘ir kelmaydi. Zero ular o‘qish bilan savob, abadiy ne’matlarga ega bo‘lishiga ishonishadi”.

Manba: azon. uz

Kiritildi: 08:14 05.11.2018. O'qildi: 15134 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!