Ruminiyada dam olish kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida qayd etilgan shov-shuvli natijaga TikTok ijtimoiy tarmog‘i qanchalik aloqadorligi tekshirilmoqda. Kutilmaganda birinchi turda eng ko‘p ovozni uncha mashhur bo‘lmagan mustaqil ultrao‘ng siyosatchi, Kreml bilan aloqadorligi aytilayotgan Kelin Jeorjesku to‘pladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Shu munosabat bilan bugun, payshanba kuni Ruminiya milliy muhofaza oliy kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Unda ijtimoiy tarmoqlar va ommalashgan internet-platformalar saylov jarayoni va mamlakat uchun qanday xatarlar tug‘dirishi mumkinligi muhokama qilinadi.
62 yoshli Jeorjeskuni Ruminiyadan tashqarida deyarli hech kim tanimaydi. Prezidentlikka nomzodlar orasida jiddiy raqib sanalmayotgandi, u saylovoldi kampaniyasini asosan internetda, xususan, TikTok platformasida olib borgan.
Shunga qaramasdan, Jeorjesku birinchi turda hamma raqiblarini ortda qoldirib saylovchilarning 23 foizga yaqin ovozini to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi, besh nafar nomzod, xususan, mamlakat bosh vaziri Marchel Cholakuni o‘yindan chiqarib yubordi.
8 dekabrga belgilangan 2-turda «Ruminiyani qutqarish ittifoqi» o‘ng-markaz liberal partiyasi yetakchisi Yelena Laskoni unga raqib bo‘ladi. Birinchi turda Laskoni 19 foiz ovoz to‘plagan.
Birinchi turda mag‘lub bo‘lgan ikki nomzod saylov natijalari ustidan mamlakat Oliy sudiga da’vo kiritdi. Ular Jeorjeskuni o‘z saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish manbalarini oshkor qilmaganlikda ayblashmoqda.