Ruminiya parlamenti zallaridan birida noma’lum shaxs shishadan benzin sepib, uni yoqib yubordi.
Bu haqda Agerpres agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yong‘in natijasida ish yuritish buyumlari va kiyim-kechak yonib ketgan, biroq hech kim jabrlanmagan. Signal chalinganidan so‘ng darhol o‘t o‘chiruvchilar yetib keldi va binodan 300 ga yaqin odam evakuasiya qilindi, deyiladi xabarda.
Poytaxt favqulodda vaziyatlar inspeksiyasi vakili Stefan Eduardning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljallangan Konstantin Brankus zalida kelib chiqqan va taxminan 30 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Yong‘in o‘chirildi, ammo tutun qolmoqda.
Polisiya o‘t qo‘ygan shaxsni qidirmoqda, unga 2 yildan 7 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.