Amerikadagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) Rossiya armiyasining tank va zirhli texnika zaxiralari 2025 yil oxirigacha yetishini taxmin qilmoqda. Rossiya esa frontda motosikl va vezdexodlardan foydalanishni kuchaytirmoqda.
Rossiya Ukrainaning dron hujumlariga javob sifatida front chizig‘ida tanklar o‘rniga tobora ko‘proq motosikl va vezdexodlardan foydalanmoqda. Amerikadagi Urushni o‘rganish instituti (ISW)ning 15 iyun kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Rossiya zaxiralaridagi tank va bronetexnika miqdori sezilarli kamaygan.
ISW manbalariga ko‘ra, rossiyalik mustaqil kuzatuvchi sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali Rossiyadagi sakkizta harbiy ombordagi texnika zaxiralarini tahlil qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu omborlarda Rossiya urushdan oldingi tank zaxiralarining 46 foizi, piyodalar jangovar mashinalari (BMP)ning 42 foizi va zirhli transportyor (BTR)larning 48 foizi qolgan.
Tahlilda ta’kidlanishicha, omborlardagi ko‘plab texnika oldingi oylarda jang maydonlariga olib chiqilgan va Rossiya ehtimol 2025 yil oxirigacha qolgan zaxiralarini to‘liq sarflab bo‘ladi. 2024 yil dekabr oyida bu ko‘rsatkich tanklar uchun 47 foiz, BMPlar uchun 52 foiz, BTRlar uchun esa 45 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, Rossiya armiyasi frontdagi harakatchanlikni oshirish va dron hujumlaridan qochish uchun motosikl hamda vezdexodlardan keng foydalana boshlagan. ISW ekspertlari buni taktik moslashish deb baholamoqda, chunki ukrain dronlari 2023–2024 yillarda Rossiyaning ko‘plab zirhli texnikasini yo‘q qilgan.
Tanklar kabi yirik va sekin harakatlanuvchi texnika vositalari dronlar uchun oson nishon bo‘lib qolmoqda. Shu sababli Rossiya harbiylari ancha mobil va harakatchan motosikllarga o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa Rossiya qurolli kuchlarining texnik imkoniyatlari cheklanayotganini ko‘rsatadi.