Bundan maqsad Ukrainadagi nishonlarga raketalarni yo‘naltirish va Yevropadagi harbiy yuklarni tashishni kuzatishdir.
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, rossiyalik xakerlar harbiylarning harakatini kuzatish, ehtimoliy nishonlarni izlash va zarbalarni muvofiqlashtirish maqsadida internetga ulangan kameralarga kirishni qo‘lga kiritmoqda.
2024 yilda rossiyaliklar Kiyevdagi kameralarni buzib kirib, tasvirlardan raketa hujumlarini tayyorlash va muvofiqlashtirish uchun foydalanishgan. Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) ma’lumotlariga ko‘ra, keng miqyosli bosqin boshlangandan beri Ukraina maxsus xizmatlari xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan 40 mingga yaqin kamerani aniqlagan va zararsizlantirgan, qayta sozlagan yoki bloklab qo‘ygan.
"Bunday taktikani Ukraina ham qo‘llamoqda. Ukrainaning Team OneFist xakerlar guruhi bosib olingan Sevastopoldagi kameraga ulanish imkoniga ega bo‘lib, avval noma’lum bo‘lgan Rossiya harbiy aerodromini aniqlagan.
Olingan ma’lumotlar Ukraina Qurolli kuchlariga topshirilgan. Ushbu ob’ektga berilgan zarbadan so‘ng Rossiyaning samolyotlari va havo hujumidan mudofaa tizimlari shikastlangan.
Niderlandiya razvedkasining ogohlantirishicha, rossiyalik xakerlar Ukrainaga qurol yetkazib berish yo‘nalishlari va harbiy texnika harakatini kuzatish uchun Yevropadagi kameralarni ham buzib kirmoqda.
WSJ hisob-kitobiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab internetga ulangan 1,2 milliardga yaqin kamera o‘rnatilgan. Ularning aksariyati yaxshi himoyalanmagan: parollar zaif, dasturiy ta’minot eskirgan va tarmoq orqali kirish ochiq qoldirilgan.