Rossiyadan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston) mamlakatlari, shuningdek, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq miqdordagi naqd pulni olib chiqishni taqiqladi. Bu bo‘yicha Vladimir Putinning tegishli farmoni qabul qilindi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa miqdoridan qat’i nazar yuqorida nomi keltirilgan mamlakatlarga naqd pul olib chiqa olmaydi. Taqiq ham Rossiya rubliga ham belgilangan miqdordan ortiq ekvivalentdagi boshqa xorijiy valyutalarga tatbiq etiladi.
Ekspertlarning fikricha, ushbu chora Rossiya ichki bozoridan naqd pul mablag‘larining nazoratsiz chiqib ketishini kamaytirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Yuqoridagi tartib Rossiya orqali ro‘yxatga kiritilgan davlatlarga boruvchi yo‘lovchilar va mehnat muhojirlaridan naqd pul olib yurishda yanada e’tiborli bo‘lishni talab etadi. Taqiq buzilgan taqdirda, pullar musodara qilinadi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan to‘liq hajmda, jismoniy shaxslardan esa ruxsat etilgan bir million rubllik limitdan ortiq qismi olib qo‘yiladi.
Shu bilan birga, farmonda ayrim istisnolar ham ko‘zda tutilgan. Cheklovlar yuridik shaxslarning naqd pulni tranzit tashishiga va Rossiyaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini ta’minlash uchun rubl olib chiqishiga tatbiq etilmaydi.