Moskva sudi “Lesta Igri” va Wargaming kompaniyalari egalari Malik Xatajayev va Viktor Kisliylarni “ekstremistik birlashma a’zolari” deb tan oldi. Sud ishi yopiq tarzda ko‘rib chiqilgan, tafsilotlar oshkor etilmagan. Sud qaroriga ko‘ra, “Lesta Igri” ning aktivlari davlat hisobiga musodara qilinadi.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, ayblovlar Rossiyaning Ukraina bilan urushi va kompaniya tomonidan Ukraina Qurolli kuchlarini ehtimoliy qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘liq.
“Lesta Igri” va Wargaming mashhur World of Tanks o‘yini va uning turli versiyalarini ishlab chiqqan. 2022 yilda Ukraina urushi tufayli Wargaming Rossiyadan chiqib ketganini e’lon qilgan. Shundan so‘ng, “Lesta Igri” Wargaming dan ajralib chiqqan va Rossiya hamda Belarusda World of Tanks'ning o‘rnini bosuvchi “Mir Tankov” o‘yinini alohida serverlar bilan ishga tushirgan. Shu tarzda boshqa o‘yinlarga ham muqobillar yaratilgan.
2023 yilda Wargaming Ukrainani Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlashini ochiqchasiga e’lon qilgan. “Lesta Igri” ning egasi Xatajayev esa bu kompaniyaning Wargaming bilan aloqasi yo‘qligini va Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq 2025 yil aprel oxirida Rossiya Bosh prokuraturasi “Lesta Igri” ni “ekstremistik tashkilot” deb e’tirof etishni talab qilgan.
Rossiyaning eng yirik IT-assosiasiyalari prezident Vladimir Putinga murojaat bilan chiqib, bu holat kompaniyani tortib olishga urinishga o‘xshashini aytgan, biroq bu murojaat javobsiz qolgan.