«Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun» partiyasi raisi Sergey Mironov Rossiyada terrorchilar uchun o‘lim jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi.
«Qotil terrorchilar uchun haqiqiy adolatli jazo bu faqat o‘lim bo‘lishi mumkin. Fraksiyamiz bir necha bor terrorchilar hamda ularning sheriklari uchun o‘lim jazosini tiklashni talab qilgan va biz ushbu qarorga erishamiz. Terrorchilik aktini sodir etganlar bilan insonparvarlik o‘ynashni bas qilishimiz kerak», — deydi Mironov.
Uning ta’kidlashicha, «dahshatli va noinsoniy harakat» Vladimir Zelenskiy rejimining asl mohiyatini ochib bergan. «Barchamiz bolalarimiz kelajagi haqida gapirishimiz kerak bo‘lgan kunda banderachilar begunoh odamlarga og‘riq va musibat olib keldi», — deydi u.
Mironovning fikricha, Zelenskiy rejimi butunlay yo‘q qilinishi, «Ukraina mojarosining asosiy sabablari ildizi quritilishi» va Ukrainaning neytral maqomi ta’minlanishi kerak.
Oldinroq Rossiya Konstitusiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkin mamlakatda o‘lim jazosi faqat yangi konstitusiyani qabul qilish orqali joriy etilishi mumkinligi, boshqa yo‘l yo‘qligini ma’lum qilgandi.