Rossiyada musulmon jamoasi uchun shar’iy ko‘pxotinlilikka oid yangi fatvo qabul qilindi. Rossiya Federasiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasining Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat, erkaklarga muayyan shartlarga rioya qilgan holda to‘rttagacha xotin olish imkoniyatini beradi.
Rossiyada musulmon jamoasi uchun shar’iy ko‘pxotinlilikka oid yangi fatvo qabul qilindi. Rossiya Federasiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasining Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat, erkaklarga muayyan shartlarga rioya qilgan holda to‘rttagacha xotin olish imkoniyatini beradi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Fatvoga ko‘ra, erkakning bir necha xotin olishi quyidagi shartlarga bog‘liq:
Adolatli munosabat: Barcha xotinlar moddiy jihatdan teng ta’minlanishi kerak.
Alohida uy-joy: Har bir xotin uchun alohida yashash joyi ajratilishi lozim.
Teng vaqt ajratish: Er har bir xotini bilan vaqt o‘tkazishda oldindan kelishilgan tenglik qoidasiga amal qilishi kerak.
Agar ushbu shartlar bajarilmasa, erkakka ko‘p xotinlilikka ruxsat berilmaydi. Biroq, ayrim hollarda, masalan, bir xotin o‘z huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechsa, istisnolar qo‘llanilishi mumkin.
Ko‘p xotinlilikka bir qator sabablar asos qilib ko‘rsatilgan. Jumladan,
Birinchi xotinning sog‘lig‘i tufayli farzand ko‘ra olmasligi.
Reproduktiv yosh tugaganligi yoki farzand ko‘rishni istamasligi.
Yolg‘iz ayol va uning bolalariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish istagi.
Er-xotin o‘rtasida jinsiy moslik yo‘qligi bunga asos bo‘ladi.
Yangi xotin bilan nikoh tuzishdan oldin er o‘zining avvalgi oilasi borligini yangi xotiniga ma’lum qilishi shart bo‘ladi. Birinchi xotinga ham yangi nikoh haqida xabar berish tavsiya etiladi.
Agar yangi xotin erning avvalgi nikohidan boxabar bo‘lmasa va buni qabul qilmasa, u o‘z nikohini bekor qilishga haqli.
Rossiyaning amaldagi qonunchiligi bir vaqtda faqat bitta rasmiy nikohga ruxsat beradi. Rasmiy bo‘lmagan shar’iy nikohlar qonunan tan olinmaydi, bu esa huquqiy himoya yetishmovchiligiga olib keladi.
Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov ta’kidlaganidek, erkak barcha farzandlarni moddiy va huquqiy jihatdan ta’minlashi kerak. Buning uchun notarius orqali vasiyatnoma tuzish tavsiya etiladi.
Ko‘p xotinlilik Rossiya musulmonlari uchun diniy an’analarni qonunchilik doirasida amalga oshirish uchun imkoniyat yaratadi. Biroq, qonun va shar’iy talablarni uyg‘unlashtirishda mavjud muammolar saqlanib qolmoqda. Shar’iy nikohda bo‘lgan ayollarning huquqiy himoyasi va qonunchilikka muvofiqlik masalasi hal etilishi zarur.