Rossiya Mudofaa vazirligi fuqarolarning daromadlari, bank hisoblari, qarzlari va kasalliklari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari haqidagi ma’lumotlarni so‘rashga ruxsat berishni taklif qilmoqda.
Rossiyadagi harbiy komissariatlar harbiy xizmatga majbur fuqarolar va ularning oila a’zolari haqida kengaytirilgan hajmda shaxsiy ma’lumot olishi mumkin. Tegishli buyruq loyihasini Rossiya Mudofaa vazirligi tayyorlagan.
Hujjat davlat organlari va xususiy tashkilotlardan ma’lumot so‘rash imkoniyatini nazarda tutadi. Bunday ma’lumotlar harbiy xizmatga yaroqlilikni, shuningdek muayyan lavozimlarga kontrakt asosida xizmatga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarning yaroqliligini aniqlash uchun zarur deb ko‘rsatilgan.
Loyihaga ko‘ra, harbiy komissariatlar fuqarolarning daromadlari, jumladan soliq deklarasiyalari, bank hisob raqamlari va omonatlari, kreditlari va qarzlari, qarzdorliklari, moliyaviy majburiyatlarni buzish holatlari hamda bankrotlik haqidagi ma’lumotlarni olishi mumkin.
Shuningdek, mehnat va tadbirkorlik faoliyati, siyosiy va jamoat birlashmalarida ishtirok etish, yo‘l-transport hodisalari, nikoh tuzish va bekor qilish, xorijga chiqish pasporti mavjudligi haqidagi ma’lumotlar ham ro‘yxatga kiritilgan.
Tibbiy muassasalar esa psixik kasalliklar, giyohvandlik va alkogolga qaramlik, sil, OIV hamda virusli gepatitlar kabi kasalliklar va holatlar haqida ma’lumot berishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, harbiy komissariatlar ma’muriy va jinoiy ishlar haqida ham ma’lumot so‘rashi mumkin. Bunga ish qo‘zg‘atilishidan tortib, shaxsning qidiruvga berilishi, sud hukmi chiqarilishi va sudlanganlik holatigacha bo‘lgan ma’lumotlar kiradi.
Loyihaga ko‘ra, ayrim ma’lumotlar nafaqat harbiy xizmatga majbur shaxsning o‘zi, balki uning yaqinlari — turmush o‘rtog‘i, farzandlari, ota-onasi, tug‘ishgan aka-uka va opa-singillari, shuningdek turmush o‘rtog‘ining ayrim qarindoshlari haqida ham olinishi mumkin.
Iyul oyining oxirida Rossiyada mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashkilotlarni harbiy idoralarning so‘roviga ko‘ra zarur ma’lumotlarni bepul taqdim etishga majbur qiluvchi federal qonun qabul qilingan edi. 25 avgustda tayyorlangan Mudofaa vazirligi buyrug‘i loyihasi esa harbiy komissariatlar so‘rashi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini aniqlashtiradi.