RF Davlat dumasi bor-yo‘g‘i bir hafta ichida korrupsiyaga qarshi qonunlarga kiritilgan tuzatishlarni qabul qildi — ularga ko‘ra, amaldorlar va deputatlar har yili daromad deklarasiyasini topshirish majburiyatidan ozod qilinadi.
18 dekabr, payshanba kuni Davlat dumasi deputatlari uchinchi o‘qishda qabul qilgan qonun loyihasi davlat yoki munisipal xizmatda, davlat korporasiyalarida hamda davlat ulushi bor tashkilotlarda lavozim egallagan fuqarolarga bunday deklarasiyalarni faqat “alohida holatlar”da taqdim etish imkonini beradi. 2009 yildan buyon ular va oila a’zolari har yili daromad va xarajatlari haqida hisobot berib kelgan edi.
Qonun loyihasi mualliflaridan biri Vasiliy Piskaryov (“Edinaya Rossiya”) aytishicha, shu yo‘l bilan har bahorda takrorlanadigan “eskicha nazorat tizimi”dan voz kechish mumkin bo‘ladi. U bu yangilik Rossiya amaldorlari ustidan korrupsiyaga qarshi nazoratga ta’sir qilmasligini, “raqamlashtirish” va “moliyaviy ahvolni doimiy monitoring qilish” hisobiga nazorat saqlanib qolishini ta’kidladi.
Gap 2022 yilda paydo bo‘lgan va prezident administrasiyasi muvofiqlashtiradigan yopiq davlat axborot tizimi — “Poseydon” haqida ketmoqda.
Yangi qonun loyihasida saylovlarda ishtirok etadigan amaldorlar va mansabdorlar (masalan, Davlat dumasiga saylovda) uchun daromad deklarasiyalarini majburiy e’lon qilish talabi o‘zgarmasdan qoldirilgan.
Agar qonun loyihasi Federasiya kengashidan o‘tib, yil oxirigacha Vladimir Putin tomonidan imzolansa, uning qoidalari 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, amaldorlar deklarasiyani (lekin uni ommaga oshkor qilmasdan) lavozimga tayinlanish yoki boshqa lavozimga o‘tkazilishdan oldin, shuningdek, federal kadrlar zaxirasiga kiritilishda taqdim etishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, qonun loyihasi amaldorlar turmush o‘rtog‘i va farzandlarining daromadlari haqida ma’lum qilishni davom etishini ham belgilaydi.