Rossiya Ukrainaga harbiy asirlarni «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha almashish uchun ro‘yxatni topshirdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
«Asirlikdan 1000 nafar odamimizni ozod qilish bo‘yicha kelishuv — Turkiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvning deyarli yagona real natijasi bo‘ldi. Bu natijani amalga oshirish uchun ish olib bormoqdamiz», — deyiladi Zelenskiyning postida.
Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Federasiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotni tasdiqladi.
«Ha, biz ro‘yxatimizni topshirdik. Hozircha Kiyevdan javob ro‘yxatini olganimiz yo‘q. Kutyapmiz», — dedi u 22-may kuni kunduzi o‘tkazilgan brifingda.
Shundan so‘ng, Ukraina Harbiy asirlar bilan muomala bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab rahbari o‘rinbosari Andrey Yusov «RBK-Ukraina»ga bergan intervyusida Kiyev o‘z ro‘yxatini tayyorlab, Rossiya tomoniga topshirganini aytdi.
«Ukraina almashinuv uchun ro‘yxatni topshirdi», — dedi u.
«1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv 16-may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Moskva va Kiyev o‘rtasida erishilgan.
Rossiya Davlat Dumasining «harbiy operasiya» bo‘yicha parlament muvofiqlashtiruvchi guruhi vakili, deputat Shamsail Saraliyev «RBK»ga bergan izohida, bu miqdordagi asirlarni bir kunda almashish texnik jihatdan qiyinligi sababli, jarayon bir necha kunga bo‘linishini aytdi.