World Boxing tashkiloti ijroiya kengashining 2026 yil aprel oyidagi yig‘ilishida Rossiya va Belarus sportchilari o‘z shafeligidagi turnirlarda ishtirok etishi tasdiqlandi. Mazkur qarorga ko‘ra, sportchilar, murabbiylar va rasmiy shaxslar uchun maxsus AIN (individual neytral atlet) tartibi joriy etiladi.
“World Boxing Rossiya va Belarusdan kelgan sportchilar, yordamchi xodimlar hamda rasmiy shaxslarning World Boxing tomonidan tashkil etilgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etish mezonlarini belgilab beruvchi AIN tartibi yaratilganini tasdiqladi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, sportchilar bayroq va madhiyasiz ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
“Neytral maqom olish tartibi World Boxing ijroiya kengashining 2026 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi yig‘ilishida ma’qullandi va u Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan yondashuvni aks ettiradi”, deya ma’lum qildi tashkilot.
Shuningdek, Rossiya boks federasiyasining tashkilotga “tan olingan a’zo” maqomida qo‘shilishi bo‘yicha arizasi ham ma’qullandi. Ushbu maqom rossiyalik bokschilarga musobaqalarda qatnashish imkonini bersa-da, 2026-yilgi kongressda ovoz berish huquqini taqdim etmaydi.
Mazkur islohotlar 2025 yil noyabrida Gennadiy Golovkin World Boxing prezidenti etib saylanganidan so‘ng yangi bosqichga chiqdi. Golovkin o‘z nutqida har bir qaror markazida sportchilar turishini va 2028-yilgi Los-Anjeles Olimpiadasi yo‘lida olimpiya boksiga bo‘lgan ishonchni tiklash asosiy maqsad ekanini ta’kidlagandi.