Rossiya armiyasi so‘nggi oylarda Ukraina infratuzilmasiga hujum qilishda foydalanayotgan Eron kamikadze-dronlari asosan AQSh kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlaridan tuzilgan. Bu haqda CNN ma’lum qildi.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Adriyen Uotsonning CNN telekanaliga ta’kidlashicha, AQSh ma’muriyati Eronga uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan qismlarni yetkazib beruvchi kompaniyalarga nisbatan yangi sanksiyalar va eksport cheklovlarini joriy etish imkoniyatini baholamoqda.
"Biz Eronga dron texnologiyalarining kirishini to‘xtatish uchun eksport cheklovlari bo‘yicha mumkin bo‘lgan keyingi qadamlarni ko‘rib chiqyapmiz", — deydi Uotson.
Rossiya armiyasi o‘tgan yilning kuzida Ukrainaga qarshi kamikadze dronlardan foydalanishni boshlagan. Kiyev va G‘arb poytaxtlarida ular asosan Eronda ishlab chiqarilgan Shahed tipidagi uchuvchisiz uchish apparatlari ekanligi ta’kidlanmoqda. Eron dastlab jangovar uchuvchisiz samolyotlarni Rossiyaga topshirganini inkor qildi, biroq keyin bunday dronlarning partiyasi haqiqatan ham Moskvaga yuborilganini tan oldi (Tehron esa bu Ukraina bilan urushdan oldin ham sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda).
CNNning qayd etishicha, Eronning Shahed-136 droni 52 qismga bo‘lingan. Bu qismlarning 40 tasi Amerikaning 13 xil kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin. Yana 12 ta komponent Kanada, Shveysariya, Yaponiya, Tayvan va Xitoy firmalari tomonidan ishlab chiqarilgan.
Yana bir ekspert xulosasiga ko‘ra (Britaniyaning Conflict Armament Research kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan), dronlarga tegishli barcha komponentlarning 82 foizi AQShda joylashgan kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladi.
Biroq kompaniyalardan birortasi AQShning Eronga qarshi sanksiyalarini buzganligi va Eron jangovar uchuvchisiz uchoqlari uchun ehtiyot qismlarni bila turib eksport qilgani haqida hech qanday dalil topilmagan.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, xususiy firmalar uchun u yoki bu mahsulotning aniq foydalanuvchisi kim bo‘lishini kuzatish ayniqsa jahon bozorida juda qiyin. Shu bilan birga, Eron va Rossiya uskunalarni G‘arb hukumatlari kuzata olishidan ancha tezroq sotib olish uchun maxsus qobiq kompaniyalari yaratgan, deyiladi surushtiruv materiallarida.
CNNning yozishicha, Ukraina rasmiylari mahsuloti Eron dronlarida topilgan barcha kompaniyalarga so‘rov yuborgan. Javob bergan oltita firma o‘z mahsulotlaridan noqonuniy foydalanishni qoralashlarini ta’kidlagan. Shu bilan birga, ular sanksiyalarni chetlab o‘tishda yarimo‘tkazgichlar va boshqa elektron mahsulotlarni sotib olishga qarshi kurash butun sanoat uchun yirik muammo ekanligini va ular bilan kurashishga harakat qilishlarini eslatishdi.