Rossiya iqtisodiy jihatdan urush boshlangan davrga nisbatan ancha zaiflashganiga qaramay, Moskva Ukrainaga qarshi urushni 2027–2028 yillarda ham davom ettirish uchun yetarli resurslarga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Oleg Ivashenko «Ukrinform»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ivashenkoning ta’kidlashicha, Rossiya iqtisodiyotida mehnat resurslari tanqisligi, federal byudjet taqchilligining ortishi va bank tizimidagi vaziyatning yomonlashishi kabi jiddiy muammolar mavjud.
Shunga qaramay, Rossiyaning urush olib borish imkoniyatlari hali saqlanib qolgan. Razvedka rahbari Moskvadagi mavjud resurslar 2027 va hatto 2028 yillargacha yetishi mumkinligini istisno qilmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning harbiy salohiyatini tezroq zaiflashtirish uchun xalqaro hamkorlar bilan birgalikda sanksiya bosimini kuchaytirish zarur. Xususan, Rossiyaga elektron komponentlar, stanoklar va maxsus kimyoviy mahsulotlar yetkazib berishda foydalanilayotgan vositachi kompaniyalar faoliyatiga chek qo‘yish kerak.
Shuningdek, Ivashenko Rossiya Qurolli Kuchlarining «Oreshnik» o‘rta masofali raketa majmualari bilan qurollangan 101-raketa brigadasi bo‘linmalari Belarus hududida joylashtirilganini ma’lum qildi.
Ukraina razvedkasi rahbari ayni paytda Belarusning urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani belgilari mavjud emasligini, Belarus yo‘nalishidan Ukraina uchun harbiy xavf darajasi hozircha past deb baholanayotganini aytdi.