Bugun 20 fevral, 2026 yil, juma

КИР

Rossiya tomonida jang qilayotgan keniyaliklar soni mingdan oshgan

Rossiya tomonida jang qilayotgan keniyaliklar soni mingdan oshgan

Keniya Milliy razvedka xizmati parlamentga taqdim qilgan hisobotga ko‘ra, jami 1000 nafar keniyalik Rossiya armiyasi tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashish uchun safarbar qilingan.

2026 yil fevral oyida 89 nafar keniyalik front chizig‘ida bo‘lgan. Avvalroq mamlakat hukumati to‘liq miqyosdagi urush boshlanganidan beri Rossiya tomonida taxminan 200 nafar keniyalik jang qilgani haqida xabar bergan edi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, safarbar qiluvchi agentliklar Keniya aeroportlari xodimlari, immigrasiya xizmati va kuch ishlatish idoralari bilan hamkorlik qilib, yangi yollanganlarni Rossiyaga muammosiz yuborishgan.

Shuningdek, hisobotda Nayrobi shahridagi Rossiya elchixonasi va Moskvadagi Keniya elchixonasining safarbarlik jarayoniga aloqadorligi keltirilgan.

Oldinroq Rossiya keniyaliklarni Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashish uchun safarbar qilinishida o‘zining aloqadorligini inkor etgan edi.

Hisobotda urushga yangi yuborilganlarning taqdiri haqida ma’lumot berilmagan, ammo front chizig‘ida bo‘lganlardan tashqari 35 kishi Rossiyadagi harbiy tayyorgarlik lagerlariga jo‘natilgani, 39 kishi jarohat olgani va 28 kishi bedarak yo‘qolgani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga muvofiq, yangi safarbar qilinganlarga oyiga 350 ming Keniya shillingi (taxminan 2,4 ming dollar) to‘lanishi va bonus sifatida 1,2 million shillinggacha (8,3 ming dollar) berilishi va’da qilingan.

Nayrobi aeroportida nazorat kuchaytirilgach, fuqarolarni Janubiy Afrika, Uganda va boshqa qo‘shni davlatlar orqali Rossiyaga yuborish boshlangan.

Keniya hukumati tergovning davom etayotganini ma’lum qildi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri BBC'ga bergan intervyusida noqonuniy safarbarlikni to‘xtatish uchun Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini aytdi.

Kiritildi: Bugun 14:31. O'qildi: 634 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!