Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyada unga qarshi go‘yoki terrorchilik faoliyatiga yordam bergani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlarga javob berdi.
«Rossiya menga qarshi «terrorizmga yordam berish» ayblovi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Har kuni rasmiylar rossiyaliklarning Telegramga kirishini cheklash uchun yangi bahonalar o‘ylab topadilar, ularning shaxsiy hayotga va so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqlarini bostirishga harakat qiladilar. Bu o‘z xalqidan qo‘rqadigan davlatning achinarli manzarasi», deb yozgan u o‘z kanalida.
Avvalroq «Rossiyskaya gazeta» va «Komsomolskaya pravda» gazetalari Pavel Durovning harakatlari Rossiyada Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi (terrorchilik faoliyatiga yordam berish) bo‘yicha tergov qilinayotgani haqida xabar berishgan edi.
«Komsomolskaya pravda» xabar berishicha, messenjer ma’muriyati Roskomnadzor talablarini bajarmagan va bolalar pornografiyasi bilan bog‘liq 1369 ta kanal, chat va botlarni, shuningdek, giyohvand moddalar bilan bog‘liq 3771 ta, o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq 2666 ta va voyaga yetmaganlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilishga bag‘ishlangan 2124 ta kanalni olib tashlamagan.
«Rossiyskaya gazeta» ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan beri messenjer 153 000 ta jinoyatda, jumladan, sabotaj, terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq 33 000 ta jinoyatda ishtirok etgan. Bular qatoriga Krokus siti xoll terroristik hujumi va Dariya Dugina va general Igor Kirillovning o‘ldirilishi kiradi.