Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov yirik miqdorda pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar berdi.
Ivanov Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksining 290-moddasi bilan ayblanmoqda. Mazkur qonunga ko‘ra, unga 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Hozircha boshqa tafsilotlar ma’lum qilinmadi.
Timur Ivanov 2016 yildan beri Rossiya Federasiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ilgari u Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi “Oboronstroy” AJni boshqargan.
Timur Ivanov, shuningdek, vazirlik tasarrufidagi mol-mulklarni boshqarish, qo‘shinlarni tibbiy vositalar va turar-joy bilan ta’minlash uchun javobgar bo‘lgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Putin va Mudofaa vaziri Shoygu Ivanovning hibsga olinishi haqida oldindan xabardor qilingan.