Rossiya maxsus xizmatlari AQSh va Kanadaga uchayotgan samolyotlarda yong‘in va portlash keltirib chiqarish maqsadida maxsus yonuvchi vositalar yuborgan.
Bu haqda The Wall Street Journal ma’lum qildi.
Joriy yil iyul oyida DHL koipaniyasining Leypsig (Germaniya) va Birmingem (Buyuk Britaniya) shaharlaridagi logistika markazlarida yong‘in kelib chiqqan edi.
Tekshiruvlarda yong‘in elektr massajyor qurilmasi ichiga o‘rnatilgan yonuvchi moddalar sababli kelib chiqqani aniqlangan.
WSJ nashrining G‘arb maxsus xizmatlaridagi manbalariga ko‘ra, ushbu qurilmalar AQSh va Kanadaga uchayotgan samolyotlar ichida yonishi va uchoq halokatiga olib kelishi maqsad qilingan.
Ikki qurilma sinov tariqasida yuborilgani, Rossiya Vashington va uning ittifoqchilariga qarshi yanada keng ko‘lamli diversiya amaliyotini rejalashtirgani taxmin qilinmoqda.