Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Moskva viloyatida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalikning o‘limiga aloqador “Ukraina maxsus xizmatlari agenti” qo‘lga olinganini e’lon qildi.
Bayonotda qayd etilishicha, hibsga olingan shaxsning ismi Ignat Kuzin bo‘lib, u 1983 yilda tug‘ilgan va Ukrainada yashash guvohnomasiga ega.
Tergov versiyasiga ko‘ra, u dastlab qo‘lbola portlovchi qurilmani sotib olgan va keyinchalik general Moskalik yashaydigan Balashixadagi uy yonida turgan Volkswagen Golf rusumli avtomobil ostiga o‘rnatgan.
Xabar berilishicha, Kuzin portlovchi moddalar uchun komponentlarni Moskva viloyatidagi Ukraina maxsus xizmatlari vakillaridan olgan.
Qo‘lga olingan shaxs Rossiya Tergov qo‘mitasiga so‘roq qilish uchun olib kelingan. U terakt (JK 205-moddasi 2-qismi) va portlovchi moddani noqonuniy saqlash (JK 222.1-moddasi 1-qismi) bo‘yicha jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida ko‘rilmoqda.