Ukrainaning Marganes shahriga Rossiya droni zarbasi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, 30 kishi jarohatlandi. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati ma’muriyati rahbari Sergey Lisak xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dron korxona ishchilari ketayotgan avtobusga urilgan.
23 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qurolli kuchlari Dnepropetrovsk viloyatining Marganes shahriga dronlar bilan hujum qildi, dedi Lisak.
Avvalroq, u Dnepropetrovsk viloyatida tunda Rossiyaning to‘rtta droni urib tushirilgani, oqibatda ikki kishi yaralangani haqida xabar bergan edi.
23 aprelga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukrainaning bir qancha hududlariga uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qildi. «Suspilne» ma’lumotlariga ko‘ra, Poltava viloyatiga zarba berilgan, dronlardan biri turar-joy binosi yaqiniga qulagan, uch kishi jarohatlangan. Odessa viloyatida uy-joy binolarida va korxonada yong‘in sodir bo‘ldi, ikki kishi jabrlandi. Kiyev viloyatida dron parchalari qulashi oqibatida Brovarskiy tumanidagi mehmonxona va restoran majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi, hech kim jabrlanmadi, deb xabar berdi Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati.
Rossiya tomoni holat yuzasidan hali izoh bermadi.