Rossiya delegasiyasi Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarda AQSh vakillarining ishtirok etishiga qarshi chiqdi, deb xabar bermoqda “Interfaks” muzokaralarni tashkil etish bilan tanish manbaga tayanib. Avvalroq The Guardian nashri AQShni ushbu bosqichda Davlat departamenti siyosiy rejalashtirish bo‘yicha direktori Maykl Enton vakillik qilishi kerakligini yozgandi.
Moskva va Kiyev o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar Istanbuldagi Dolmabahche prezident saroyida peshinda boshlanishi kerak. “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi manba AQShning muzokaralarda ishtirok etishiga qarshi ekanini tasdiqlagan. TASS bilan suhbatlashgan boshqa manba ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar avvalida Turkiya tomoni qisqacha salomlashuv bilan chiqish qiladi va shundan so‘ng Anqara vakili muzokaralar xonasini tark etadi.
“Bi-bi-si”ning yozishicha, Maykl Enton muzokaralarda bevosita qatnashmaydi, lekin ular oldidan Rossiya delegasiyasiga rahbarlik qilayotgan prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan uchrashadi. “RIA Novosti” xabar berishicha, Moskva delegasiyasi hali muzokaralar joyiga yetib bormagan.
Ertalab Ukraina delegasiyasi Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari, shuningdek, AQSh prezidenti maxsus vakili Kit Kellog bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb yozdi “Suspіlne”. Hozirda Istanbulda Ukraina, AQSh va Turkiya o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv boshlangan. Unda AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Ukraina va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Andrey Sibiga va Hakan Fidan, shuningdek, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ishtirok etmoqda.