Rossiyaning Inteko Group energetika kompaniyasi Afg‘oniston hukumati bilan neft qazib olish va neftni qayta ishlash zavodi qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar berdi.
Bitim Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuruddin Aziziy va Inteko Group vakillari tomonidan 16-Qozon xalqaro iqtisodiy forumi doirasida imzolandi.
Rossiya biznesining Afg‘onistondagi vakolatxonasi rahbari Rustam Xabibullinning aytishicha, kompaniya mutaxassislari allaqachon geologik qidiruv ishlarini olib borishgan. Keyingi bosqich burg‘ulash ishlari va zarur muhandislik infratuzilmasi bilan jihozlangan maydonda neftni qayta ishlash zavodini qurish bo‘ladi.
Forum doirasida Afg‘oniston delegasiyasi va rossiyalik tadbirkorlar o‘rtasida yana beshta o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatlar transport, aviasiya va savdo sohalaridagi hamkorlikka tegishli. Ushbu kelishuvlar tafsilotlari oshkor etilmagan.
Vazir vazifasini bajaruvchi Aziziy, shuningdek, Rossiya kompaniyalarini Afg‘onistonning tog‘-kon sanoatiga sarmoya kiritishga va elektr stansiyalari qurilishida ishtirok etishga chaqirdi.
Kobul delegasiyasiga Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar boshchilik qildi. Unga ko‘ra, Qozon shahrida Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov va Mordoviya rahbari Artem Zdunov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini eksport qilish, bojxona tartibga solish va o‘zaro savdoni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
– Mazkur forum iqtisodiy munosabatlarimizda yangi sahifa ochdi, – dedi Baradar tashrif yakunlari bo‘yicha.