Insayder Fabrisio Romano "An-Nasr" hujumchisi Krishtianu Ronaldu Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar fonida Saudiya Arabistonini tark etgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Avvalroq, 41 yoshli portugaliyalikning qiymati 61 million funt sterling bo‘lgan shaxsiy samolyoti AQShning Ar-Riyoddagi elchixonasiga qilingan dronlar hujumidan so‘ng mamlakatni tark etib, Madridga uchib ketgani haqida xabar berilgan edi.
«Xalqaro ommaviy axborot vositalarida Krishtianu Ronaldu oilasi bilan Saudiya Arabistonini tark etgani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Bu feyk yangilik, chunki Krishtianu ayni damda "An-Nasr" mashg‘ulot bazasida bo‘lib turibdi va so‘nggi o‘yindagi muammolardan so‘ng muolajalarni qabul qilmoqda. Krishtianu Madridga qaytish uchun Saudiya Arabistonidan chiqib ketmagan», — deb yozdi Romano.
Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi qo‘shma harbiy amaliyot boshlagan edi. Islom Respublikasi bunga javoban Isroil, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va Bahrayndagi Amerika harbiy bazalari hamda boshqa ob’ektlarga zarbalar berdi.